Belarusda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat “halokatli va faqat yomonlashmoqda”. Bu haqda BMTning ushbu mamlakat bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Anais Marin 4-iyul kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari kengashining 53-sessiyasida taqdim etgan yangi hisobotida aytib o‘tdi.

“Belarus hukumati fuqarolik erkinliklarini yo‘q qilish uchun allaqachon qonunchilikka qat’iy o‘zgartirishlar kiritdi, bu esa siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qiblar va sudlovlarning ko‘payishiga olib keldi”, — dedi Marin. “Inson huquqlarining buzilishi uchun javobgarlikning yo‘qligi qurbonlar va ularning oilalari o‘rtasida qo‘rquv muhitini keltirib chiqaradi”.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 1500 dan ortiq odam siyosiy motivlarda ayblanib, hibsda saqlanmoqda. 2020 -yildan buyon mamlakatda kuniga o‘rtacha 17 ta o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan.

Marinning ta’kidlashicha, Belarusdagi mustaqil ommaviy axborot vositalari “ekstremistik tashkilotlar” degan tamg‘a bilan taqiqlangan, ularning xodimlari esa reydlar, hibsga olishlar va qamalishlarga duchor bo‘lishgan.

“O‘nlab jurnalistlar va blogerlar uzoq muddat qamoq jazosini o‘tamoqda”, — dedi u.

Belorussiyadagi akademik erkinlik ham “tizimli hujum” ostida, dedi BMT maxsus ma’ruzachisi.

“Mafkuraviy nazorat va tartib-intizom choralari fikr va so‘z erkinligini cheklaydi”, — degan ma’ruzachi qatag‘onlar “miyaning ko‘chishi”ga olib kelayotgani, ko‘plab olimlar va umidli talabalar mamlakatni tark etayotganini ta’kidladi.

Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim ham “mafkuraviy nazorat”ga bo‘ysundirilib, maktablarda vatanparvarlik saboqlari majburiy yo‘lga qo‘yilgan.

“Bolalar, ayniqsa, siyosiy mavzularda o‘z fikrlarini bildirishdan qaytarilmoqda. O‘qituvchilar, bolalar va ota-onalar o‘zgacha fikr bildirganlik oqibatlari bilan tahdid qilinmoqda”, — dedi Marin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi chiqishga yoki Belarusning urushdagi roliga shubha bildirishga harakat qilganda, fikr erkinligi ham tahdid ostida qolmoqda.

2020-yilda Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan, unda Aleksandr Lukashenko g‘olib deb e’lon qilingandi. Saylov natijalari mamlakatda bir necha oy davom etgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Biroq bu harakatlar hokimiyat tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Muxolifat yetakchilari yo mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi yoki uzoq muddatga qamaldi.