Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev raisligida 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishidan video tarqaldi.

Kadrlarda maslahatchi o‘rinbosarining tuman hokimlari va boshqa mutasaddilarni tanqid qilgani, ayrimlarini javobgarlikka tortish bo‘yicha prokuraturaga topshiriq bergani aks etgan.

“Hozir Qamashi tumani hokimi [Botir Tog‘ayev], G‘uzor tumani hokimi [Bekzod Suyunov]ni chaqirib, idorangizga boring. Ko‘kdala tumani hokimi [Xurram Jo‘rayev]ni ham chaqirib, og‘ayni, suv bo‘yicha javobgar qilasiz. Uchta tuman „vodxozi“ rahbarini ham jinoiy javobgarlikka tortasiz. [Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat] Hamroyev uchalasiniyam hozir ishdan olib tashlaydi. Hokimini ham jinoiy javobgarlikka tortasiz. Hozir uch nafar hokim o‘rinbosarini ham ishdan olamiz”, — dedi u.

So‘ng Nishon tumani hokimi Muxtor Xayitmurodovga yuzlanib, uni bug‘doydan bo‘shagan yerlarga qayta ekish bo‘yicha raqamlarni qo‘shib yozishda aybladi.

“Katta xolangning chorvog‘imi bu, Muxtor? Bu nima qilganing? 6200 gektar bosvoribsan. Gapir, Muxtor. Hozir borib o‘lchaymi?” — deb so‘radi Shuhrat G‘aniyev.

Bunga javoban hokim topshiriq qayta ko‘rib chiqilayotganini aytdi. “Nima qilasan bunaqa yolg‘on ma’lumotni berib? Kimni aldayapsan?” — dedi maslahatchi o‘rinbosari.

“Qarshi tumani 5830 gektar ekib tashlabdi, 3315 ta xonadonga 1100 gektar xonadonga ektirib tashlabdi”, — dedi Shuhrat G‘aniyev. Tuman hokimi Behzodjon Yusupov esa bu raqamlarni yana bir bor o‘rganishini bildirdi.

“Sen jipiriq, raqamlarni ko‘rmaysanmi? Demak, takroriy ekin bo‘yicha ishlamayapsan ekan-da, jipiriq? (Prokuraturaga murojaat qilib — tahr.) Hozir Koson, Qarshi, Nishon, Mirishkor tumanlari hokimlarini chaqirasiz, xo‘pmi?” — dedi u.

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Kasbi tumani hokimi To‘xtamurod Meyliyev tomonidan taqdim etilgan 2700 oilaga mo‘ljallangan 900 gektar (jami 4900 gektar) yerga ekin ekish bo‘yicha ma’lumot prokuratura tomonidan tekshirilishi kerakligini aytdi.

Hozir borsak, birga yurib, 4900 gektarning hech bo‘lmasa 4000 gektarini ko‘rsatib berolasanmi? — so‘radi u. Tuman hokimi “hammma e’tirozlar o‘rinli”, dedi.

“Yo‘q, e’tiroz emas, vijdonsiz… Nomard, shunchalik ham aldaysanmi?” — dedi Shuhrat G‘aniyev.

Shundan so‘ng G‘aniyev Navoiy viloyati Xatirchi tumani rahbariyatini tanqid qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, “hali 5 ming gektar g‘alla o‘rib bo‘lingani yo‘q”.

“Jinni bu. Jinni bo‘lsang, sal bir qonuniyroq, fahm-farosati ishlaydigan jinni bo‘l, Xatirchida o‘tirgan rahbarlar. Shunaqayam jinni bo‘lasanmi? Jinnining jinnisi ekansan-ku”, — dedi u.

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida 9 ming 700 gektarda takroriy ekin ekib bo‘lingani bo‘yicha savol berdi. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyev bu borada noaniqliklar borligini tasdiqladi.

Shundan so‘ng Shuhrat G‘aniyev Pastdarg‘om tumani hokimi Vahobjon Murotqobilovga yuzlanib, “es-hushing joyidami?” deb so‘radi. Tuman hokimi 9642 gektar yerga ekin ekilganini ta’kidladi. Maslahatchi o‘rinbosari uning yolg‘on gapirayotganini aytib, viloyat hokimi o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyevdan “uning miyasini joyiga tushirib qo‘yishini” so‘radi.

Shuhrat G‘aniyev shu yilning yanvar oyida prezident maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Bungacha u 2020−2022-yillarda bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan.

Shuhrat G‘aniyev oldin ham o‘z bayonotlari va xatti-harakatlari ortidan bir necha bor tanqid qilingan.