Alisher Bahodirov Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasi bosh direktori etib tayinlandi, deya xabar bermoqda korxona ta’sischisi bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmati.

U mazkur lavozimga tayinlangunga qadar “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan. Mehnat faoliyatini 2000-yilda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” unitar sho‘’ba korxonasi polietilen sexi kuzatuvchisi, smena muhandisligidan boshlagan. Ko‘p yillar davomida “O‘zbekneftgaz”da uglevodorodlarni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning fevral oyidan buyon Uzbekistan GTL kompaniyasiga Faxritdin Abdurasulov rahbarlik qilib kelayotgandi.

Qashqadaryo viloyatidagi mazkur zavod prezident ishtirokida 2021-yil oxirida ishga tushirilgandi. Uning qiymati 3,42 mlrd dollarga baholanmoqda. Har yili qiymati 1 mlrd dollardan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorodlar ishlab chiqarish rejalashtirilgandi, biroq zavod bu ko‘rsatkichlarga erishmadi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Oradan bir yarim yil o‘tib, 2023-yilning may oyida O‘zbekiston hukumati va Air Products o‘rtasida Uzbekistan GTL zavodi tarkibida sanoat gazini qayta ishlash zavodini rivojlantirish bo‘yicha 1 mlrd dollarlik sarmoyaviy bitim imzoladi.