Asakadagi avtomobil zavodi rejalashtirilgan modernizatsiya ishlari sababli ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar qildi UzAuto Motors matbuot xizmati.

Korxona Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan kelgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida zavodning ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ymoqda, deyiladi xabarda.

Modernizatsiya rejasi doirasida presslash sexida yangi Fanuc (Yaponiya) robotlashtirilgan tizimining dasturiy ta’minotini ishlab chiqish hamda ishga tushirish ishlari olib boriladi. Bo‘yoqlash sexida esa konveyer relslari almashtirish, sexdagi robotlashtirilgan tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatilib, bo‘yash jarayonida ishlovchi barcha tizimlar sinovdan o‘tkaziladi.

Yig‘uv sexining ikkita liniyasida ham ishlab chiqarish tezligi oshiriladi, ya’ni birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligini 35 ta (soat/avtomobil), ikkinchi liniyada bu ko‘rsatkich 30 taga yetkazish imkoniyati yaratiladi.

Modernizatsiya barcha avtomobil modellarining yillik ishlab chiqarish hajmini oshiradi, deyiladi xabarda. Ikkinchi liniyaning modernizatsiya qilinishi Chevrolet Cobalt avtomobilining yillik ishlab chiqarish hajmini 30 ming donaga oshirish imkonini beradi. 2022-yilda kompaniya ushbu rusumdagi 101,6 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqargan.

“Ishlar rejalashtirilgan va iste’molchilarga avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmaydi”, — deya ishontirdi kompaniya.