30-iyun — Yoshlar kunida 14−30 yoshdagi poytaxt aholisi va mehmonlari avtobuslardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi ma’lum qildi.

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi 1-iyundagi hukumat majlisi bayonida shu kuni bepul foydalanish ko‘zda tutilgani haqida xabar berdi. Yo‘lovchilarning yoshi qanday aniqlab olinishi aytilmagan.

2018-yildan buyon 30-iyun O‘zbekistonda Yoshlar kuni sifatida nishonlanadi. 2017-yilning shu kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Yoshlar ittifoqiga aylantirilgan. Harakat qurultoyida so‘zga chiqqan prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kunini har yili nishonlashni taklif qilgan.

Prezident 2020-yil 30-iyun kuni Yoshlar agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

2022-yil oxirida Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilgach, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil etilgan va Yoshlar agentligi ushbu vazirlik tarkibiga kirgan.