O‘zbekistonda 2000-yillar o‘rtalaridan beri davom etib kelayotgan daraxtlarni kesish jarayoni xalqaro amaliyot uchun unikal hodisa emas. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi jahonning ko‘plab mamlakatlarida jiddiy ekologik muammo bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda o‘rmonlar Yer sathining uchdan bir qismidan-da kamroq hududini qamrab olgan. Hukumatlarning daraxt o‘tqazish bo‘yicha sa’y-harakatlariga qaramay, insoniyat har yili 15−18 million gektar o‘rmonni yo‘q qilmoqda. Ushbu muammoni hal qilish uchun davlatlar daraxtlarni noqonuniy kesishga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. “Gazeta.uz” Amerika, Yevropa, Rossiya va O‘zbekistonda o‘rmonlarni noqonuniy kesganlik uchun belgilangan choralarni taqqoslab chiqdi.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

O‘zbekiston

BMTning iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konferensiyasi (COP26)ga a’zo davlatlarning 2021-yil noyabrida Glazgoda bo‘lib o‘tgan 26-sessiyasida O‘zbekiston boshqa 137 davlat qatorida 2030-yilga borib o‘rmonlar kesilishini to‘xtatish va ularni qayta tiklash majburiyatini olgan edi.

O‘shandayoq “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish doirasida respublika bo‘ylab har yili 200 mln daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazish vazifasi belgilangan edi. Buning natijasida mamlakatdagi o‘rmonlar maydoni amaldagi 8,6 foizdan 30 foizgacha oshishi kutilayotgan edi.

O‘zbekistonda bugungi kunda yashil hududlarni saqlab qolish bilan bog‘liq ahvol falokatli darajada. Mamlakat prezidenti tomonidan 2022-yil yanvarida e’lon qilingan daraxtlarning kesilishiga qarshi muddatsiz moratoriy ushbu kasallikka qarshi davo vositasi bo‘la olmadi.

Oliy Majlis Senatining 3-maydagi yalpi majlisida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yili 7812 ta (shundan 3428 tasi qimmatbaho turlarga mansub), 2021-yilda 8243 ta (4182), 2022-yilda esa 4599 ta daraxt noqonuniy kesilgan.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Daraxtlarni noqonuniy kesish va ularga zarar yetkazganlik uchun belgilangan jazoning kuchaytirilganiga qaramay, ko‘rilayotgan choralar ekologiyaga yetkazilayotgan zararga muvofiq emas.

Bunda fuqarolarga solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 baravari (3,3 mln so‘m)dan 15 baravari (4,9 mln so‘m)gacha, mansabdorlarga nisbatan esa BHMning 15 baravari (4,9 mln) so‘mdan 20 baravari (6,6 mln so‘m)gacha etib belgilangan.

Xuddi shu huquqbuzarliklar ma’muriy chora ko‘rilganidan so‘ng bir yil ichida takroran sodir etilsa (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 2-qismiga muvofiq), fuqarolar BHMning 15 baravari (4,9 mln so‘m)dan 25 baravari (8,25 mln so‘m)gacha, mansabdorlar esa BHMning 25 baravari (8,25 mln) so‘mdan 35 baravari (11,5 mln so‘m)gacha jarimaga tortiladi. Ayni vaqtda, daraxtni kesib olish yoki unga zarar yetkazishda foydalanilgan buyum musodara qilinadi. Bundan tashqari, xuddi shu huquqbuzarlik uchun belgilangan choralar ro‘yxatiga 15 sutkagacha bo‘lgan ma’muriy qamoq jazosi ham qo‘shilmoqda.

Saudiya Arabistoni

O‘rmonlar Saudiya Arabistoni umumiy maydonining atigi 0,5 foizini tashkil etgani bois, bu yerda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jiddiy jarimalar va hatto jinoiy javobgarlik ham ko‘zda tutilgan.

Podshohlik prokuraturasi 2020-yili o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun jazo choralari kuchaytirilganini e’lon qilgan edi. Bu mamlakatning 2030-yil oxiriga borib ekologik barqarorlikka erishish bo‘yicha Vision 2030 rejasining bir qismi hisoblanadi.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Ekologik qonunchilikka muvofiq (8-bob, 40-modda), daraxtlarni noqonuniy kesganlik, kundakov qilib tozalaganlik yoki ko‘chirib o‘tqazganlik, shoxlarini kesganlik, ildizini olib tashlaganlik uchun 30 mln rial (salkam 8 mln AQSh dollari)gacha jarima yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Ayrim hollarda jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi birgalikda tayinlanishi ham mumkin.

Agar bir yil ichida ushbu qonunbuzarlik takroran amalga oshirilsa, jarima miqdori ikki barobar oshiriladi. Bundan tashqari, qonunbuzar yetkazgan zararining oqibatlarini bartaraf etishi va qonunchilikka muvofiq tovon puli (kompensatsiya) to‘lashi lozim bo‘ladi.

AQSh

O‘rmonlar AQSh hududining 33,9 foizini tashkil etadi. Bu yerda har bir shahar va tumanda Daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha nizom qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjat hududdagi daraxtlarni parvarishlash va kesish qoidalarini belgilaydi. Mamlakatda daraxtlarga xizmat ko‘rsatish va ularni parvarishlash bo‘yicha sertifikatlangan mutaxassislar — arboristlar (daraxtshunoslar) xizmati rivojlangan.

Har bir shahar, okrug va shtatda xususiy hududdagi daraxtlarni kesishni tartibga soluvchi qonunlar bor. Amazonkaning tropik o‘rmonlarida keng miqyosli daraxt o‘tqazish ishlari bilan shug‘ullanuvchi 8 Million Trees kompaniyasining tushuntirishicha, AQShda beruxsat daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 500 dollardan boshlanib, 10 ming dollargacha yetishi mumkin. Ayrim hollarda va ba’zi shtatlarda eng katta jarima miqdori 100 ming dollarni ham tashkil etishi mumkin.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

AQSh Jinoyat kodeksiga ko‘ra (18-bo‘lim, 1853-paragraf), daraxtlarni noqonuniy kesganlik yoki qasddan shikast yetkazganlik uchun, jarima jazosidan tashqari, bir yil muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham tayinlanishi mumkin.

Buyuk Britaniya

Mamlakat hududining 13,2 foizini o‘rmonlar tashkil etadi.

2023-yilgacha o‘rmonlarni beruxsat kesganlik uchun belgilangan jarima miqdori bir daraxt tanasi (poyasi) uchun 2,5 ming funtni yoki qo‘lga kiritilgan yog‘och-taxta qiymatining ikki barobarini tashkil etardi (bunda aynan qaysi to‘lov usuli bo‘yicha ko‘proq jarima chiqsa, o‘shanisi tanlangan).

Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan va 2023-yil 1-yanvardan kuchga kirgan o‘zgartishlarga ko‘ra, daraxtni noqonuniy kesgan shaxs ko‘chat ekib, uni 10 yil davomida parvarishlashi lozim. Buyuk Britaniyada yo‘q qilingan daraxtzorlarni qayta tiklash bo‘yicha sud qarorini bajarishdan bosh tortganlarga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin.

Noqonuniy kesib olingan yog‘och-taxta savdosi bilan shug‘ullanish cheklanmagan miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Fransiya

Kontinental Fransiya maydonining 28,6 foizini o‘rmonlar tashkil etadi. Parijda yashil hududlar poytaxtning atigi 9,5 foiz maydonini band qilgan — bu Yevropaning yirik shaharlari orasidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Fransiyada daraxtlarni kesish uchta — Ekologik, Shaharsozlik va O‘rmon kodekslari bilan qat’iy tartibga solingan. Daraxtni o‘zboshimchalik bilan kesganlik uchun belgilangan eng kichik jarima 1200 yevroni tashkil etadi.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Shaharsozlik kodeksining L480−4 moddasiga ko‘ra, bino qurish vaqtida daraxtlarni kesganlik uchun huquqbuzarlar qurilish bilan band qilingan maydonning har bir kvadrat metri uchun 6 ming yevrodan jarima to‘lashi lozim. Xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida, 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo ham qo‘llanilishi mumkin.

Daraxt shoxlarini noqonuniy kesganda esa 500 yevro miqdorida jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘rmondagi diametri 20 santimetrdan kam bo‘lmagan daraxtni o‘zboshimchalik bilan kesish uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki 45 ming yevro miqdorida jarima bilan jazolanishi mumkin.

Fransiyada 1982-yildan buyon Muhofaza qilinadigan daraxtlar ro‘yxati yuritib kelinadi. Unga kerob daraxti, mugo qarag‘ayi, po‘kakbop eman, sambitgul — jami 400 turdagi o‘simlik kiritilgan. Muhofaza qilinadigan daraxtlarni maxsus ruxsatnomasiz kesish taqiqlangan.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Muhofaza qilinadigan daraxtni beruxsat kesishga urinish yoki kesib bo‘lganlik holati uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qilish va 150 ming yevro miqdorida jarima jazosi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, vakolatli organlar qonunbuzardan yangi daraxtni ekish xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.

Germaniya

Germaniyada o‘rmonlar mamlakat hududining 32,7 foizini tashkil etadi. O‘rmon resurslari davlatning qimmatli mulkidir, shu bois ulardan noqonuniy foydalanish jinoyat hisoblanadi. Germaniya qonunchiligiga muvofiq, o‘rmonlarni muhofaza qilish davlat va har bir fuqaroning majburiyatidir, ushbu sohadagi qoidabuzarlar esa aholining ekologik xavfsizligiga putur yetkazishda ayblanadi.

O‘zboshimchalik bilan daraxtlarga zarar yetkazganlik yoki ularni kesganlik uchun jarima miqdori har bir federal yer tomonidan alohida belgilanadi. Qo‘llaniladigan qonunchilik va kesilgan daraxt turiga qarab, jarima summasi 50 ming yevrodan 100 ming yevrogacha farqlanishi mumkin.

Germaniyada daraxtni qonunni buzmay kesish uchun uzoq davom etadigan byurokratik jarayondan o‘tish lozim, bu jarayonni buzganlar esa 50 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, daraxt kesishning federal muddatlariga ham rioya etish lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha federal qonunga ko‘ra, martdan oktabrga qadar daraxt kesish taqiqlangan. Shoxlariga qushlar in qurgan yoki boshqa jonivorlar yashaydigan daraxtlarni kesish esa qat’iyan taqiqlangan.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Huquqbuzarlarga tabiatga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyati yuklanishi mumkin. Jarimalar va kompensatsiya to‘lovlaridan tushgan pullar o‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklashga yo‘naltiriladi.

Rossiya

Rossiya hududining 49,8 foizi o‘rmonlardan iborat.

Rossiya qonunchiligi, kamsonli istisnolarni hisobga olmasa, daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan kesishni taqiqlaydi va bunday qilmish uchun Rossiya Jinoyat kodeksining 260-moddasida belgilangan jiddiy jazo choralarini qo‘llaydi. Bundan tashqari, kodeksning 261-moddasida daraxt o‘sishining to‘xtashiga sabab bo‘lgan har qanday tashqi ta’sir (bunda daraxt kesilishi ham shart emas) uchun jarimalarni nazarda tutadi.

Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdori 300 ming rubldan 3 mln rublgacha bo‘lishi mumkin. Jazoning og‘ir-yengilligi yetkazilgan zarar hajmi va huquqbuzarlik holatiga — masalan, daraxt oddiy fuqaro tomonidan kesilganmi yoki yuridiy shaxs, bir guruh shaxslar yoki xizmat mansabidan foydalangan holdami — shunga qarab belgilanadi.

daraxt, daraxt kesilishi, daraxtlar, jarimalar, экология, qonunchilik

Jarimalardan tashqari, Rossiya Jinoyat kodeksida daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun quyidagicha jazo choralari ko‘zda tutilgan:

  • 480 soatdan 2 yilgacha majburiy jamoat yoki axloq tuzatish ishlari;
  • Ma’lum bir lavozimni egallashga taqiq;
  • 12 oylikdan 5 yillikgacha ish haqi yoki boshqa ko‘rinishdagi daromadi miqdorida jarima;
  • Huquqbuzarlikni sodir etishda foydalanilgan buyum musodarasi;
  • Yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga qo‘shimcha tarzda qonunbuzarga 100 ming rubldan 300 ming rublgacha jarima to‘lash majburiyati yuklanishi mumkin.