O‘zbekiston futzal bo‘yicha 2024-yilgi Jahon chempionati mezboni etib belgilandi. Bu haqda FIFA Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qilinib, tashkilot prezidenti Janni Infantino mamlakatni mezbonlik bilan tabrikladi.


Keltirilishicha, FIFA vakillari yaqin kunlarda Jahon chempionati oldidan O‘zbekistonda futbol infratuzilmasini o‘rganish uchun keladi. Mahalliy tashkiliy qo‘mita FIFAga mavjud infratuzilma yuzasidan ma’lumotlar berdi. Uchrashuvlar o‘tkaziladigan majmualar va mashg‘ulot zallarining FIFA talablariga, xususan, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi harakatlar boshlandi, deyiladi xabarda.

Jahon chempionati o‘yinlarini o‘tkazish uchun quyidagi majmualar mo‘ljallanmoqda:

  • “Humo” arena (Turnirning ochilish va final uchrashuvi mazkur o‘yingohda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda),
  • “Yunusobod” sport majmuasi,
  • “Alpomish” muz saroyi,
  • Milliy Gimnastika saroyi,
  • Farg‘onaning “SAMO” sport majmuasi,
  • Samarqand Muz saroyi,
  • Buxoro va Andijondagi arenalar.

Bundan tashqari, jamoalar mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun 10 ga yaqin majmua va sport zallari taqdim etildi.

FIFA vakillari O‘zbekistonga kelgach, mahalliy tashkiliy qo‘mita hamrohligida musobaqaga mezbonlik qilishi kutilayotgan shaharlar bilan tanishadi. Majmualar, mashg‘ulot zallari, mehmonxonalar, aeroport, vokzal va yo‘llar talabga javob berishi o‘rganiladi hamda yakuniy xulosa taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bu mamlakatda o‘tkaziladigan birinchi xalqaro turnir emas. O‘zbekiston 2022-yilning 1−19-iyun kunlari futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogiga mezbonlik qildi. Bundan tashqari, 2023-yilning mart oyida mamlakat o‘z uyida U20 Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, may oyining boshida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino mamlakatda futbolni ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda futbolni yanada rivojlantirishga oid hamkorlikni muhokama qilish uchun Toshkentga tashrif buyurib, davlat rahbari bilan ko‘rishdi.