Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yo‘l yoqasiga ekilgan, qariyb 50−55 yillik 9 tup qayrag‘och kesib tashlagan fuqarolarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Hududda bir guruh fuqarolar tomonidan 9 tup sog‘lom va 1 tup qurigan qayrag‘och daraxt qonunga xilof ravishda kesib yuborilgani oqibatida tabiatga 774,6 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Bulung‘ur tumani prokuraturasi tomonidan fuqaro S.X. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 31-maydagi qarori bilan ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilgandi.

Xususan, davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qo‘yiladigan moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 5 baravarga oshirilgan. Shuningdek, noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga uning kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyati belgilangan.