Rossiya prezidenti Vladimir Putin shanba kuni Vagner xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning isyoni bilan bog‘liq vaziyat fonida telemurojaat qildi. U o‘z nutqida Yevgeniy Prigojin ismini umuman tilga olmadi.

“Ruslar, harbiylar, huquq-tartibot idoralari hamda aldov va tahdidlar bilan qurolli isyonga aralashib qolganlarga” murojaat yo‘llagan Putin “Rossiya o‘z kelajagi uchun qattiq kurash olib borayotganini” eslatdi.

“Bu xalqimizning taqdiri hal bo‘ladigan jang. Bu bizni zaiflashtiradigan barcha omillarni, tashqi dushmanlarimiz foydalanishi va bizni ichimizdan yemirish uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan har qanday nizolarni chetga surib qo‘yishni, barcha birdamlik kuchlarini birlashtirishni, mas’uliyatni oshirishni talab etadi. Birligimizni buzadigan bu harakatlar aslida o‘z xalqi va hozir frontda jang qilayotgan quroldosh do‘stlarga xiyonatdir. Bu yurtimiz va xalqimiz ortidan pichoq urishdir”, — dedi u.

“Biz duch kelayotgan narsa aynan xiyonatdir, xiyonatga olib kelgan o‘ta shafqatsiz ambitsiyalar va shaxsiy manfaatlardir. Bu vatanimiz va xalqimizga xiyonat qilish, shuningdek, Stalingrad va Artemovskni, Donbassning shahar va qishloqlarini ozod qilgan qahramonlar, Yangi Rossiya, rus dunyosining birligi uchun boshqa bo‘linma va qismlarimiz bilan okoplarda jang qilgan va halok bo‘lgan jangchilar, Vagner guruhi qo‘mondonlariga xiyonatdir. Ularning nomi va sharafiga ham xiyonat qilishdi”, — dedi Vladimir Putin.

“Har qanday ichki tartibsizlik davlatchiligimiz, xalq sifatida biz uchun halokatli tahdid, bu Rossiya, xalqimiz uchun zarbadir. Vatanni bunday tahdiddan himoya qilish bo‘yicha harakatlarimiz esa keskin bo‘ladi. Qasddan xiyonat yo‘liga o‘tgan, qurolli qo‘zg‘olonni uyushtirgan, shantaj va terrorchilik usullari yo‘liga kirgan har bir kishi muqarrar jazoga tortiladi, qonun oldida ham, xalqimiz oldida ham javob beradi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Vladimir Putinning aytishicha, qurolli kuchlar va boshqa davlat organlari “kerakli buyruqlar olgan”. “Hozirda Moskva, Moskva viloyati va bir qator boshqa viloyatlarda qo‘shimcha aksilterror choralari joriy etilmoqda”, dedi u.
“Rostov-Dondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun ham qat’iy choralar ko‘riladi. Vaziyat og‘irligicha qolmoqda, fuqarolik organlari va harbiy boshqarmalar ishi amalda to‘xtatib qo‘yilgan”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

“Rossiya fuqarosi sifatida men mamlakatni himoya qilish uchun hamma narsani qilaman, qat’iy choralar ko‘riladi, ular keskin bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.