Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — sport jurnalisti, bloger Qahramon Aslanov.

Mutolaa haqida

Kitob deganda men baribir badiiy adabiyotni ko‘proq tushunaman. Ilmiy kitoblarning foydasi ko‘proqdir, ammo ular aksariyat hollarda ma’lumot yetkazishning bir vositasi, insonlar baribir bir kun kelib to‘plangan bilimlarni yozuv orqali chop etgan bo‘lardi. Badiiy adabiyot esa, fikrimcha, insoniyatning haqiqiy kashfiyoti, mo‘'jiza — shunday emasmi?

Kitob orqali biz ne-ne buyuk qalb va aql sohiblarining ular bilan bizni bog‘lab turadigan umumiyliklar haqidagi qarashlarini o‘qiy olamiz, asrlar osha suhbat quramiz. Vositalar o‘zgargani bilan insoniy qadriyatlar, o‘lim, oila, sevgi, nafs, boylik, ilm haqidagi mushohadalarni o‘qib, birgalikda fikr yuritamiz. Kitob bizga o‘zgalar fikrini qabul qilishga o‘rgatadi, soatlab boshqa bir insonning dunyosida sayohat qilish, voqealarga uning ko‘zi bilan boqishga, ya’ni toqatga odatlantiradi. Sport jismimizni chiniqtirgani kabi kitob o‘qishga ham faqat bilim olish yoki vaqtichog‘lik emas, ruhiyatni tarbiyalaydigan bir mashg‘ulot sifatida qarash kerak.

Iqtisodiyot yo matematikaga oid yoki tarixiy, diniy kitoblarni qiziqqanim, ehtiyoj tufayli o‘qib turaman, ammo yuqorida qayd etganimdek, ma’lum sohaga oid asarlar, ilmiy kitoblarni qiziqqanlar shu soha bilimdonlaridan so‘rab, tavsiya olishlari mumkin. Shuning uchun men tavsiya uchun asosan badiiy asarlarni tanladim — menimcha kitob o‘qiydigan hammani birlashtirib turadigan xudud mana shu.

Men faqat klassik uslubda, ya’ni chop etilgan kitoblarni o‘qishga o‘rganganman. Audiokitoblar umuman men uchun emas, diqqatni jamlay olmaganim tufayli, xayol ketib qolaverib, qayta-qayta ortga qaytarishga majbur bo‘lganman yo uxlab qolaman, shuning uchun bu usuldan voz kechdim. Monitorda o‘qish ham noqulay, qachonki biror asarga qiziqsamu nashriyotdan chiqqanini topa olmasam, majburan o‘qishim mumkin.

Ochig‘i, kitob o‘qishim qiyinlashib ketyapti. Menimcha, o‘qigan barcha kitoblarimning 90 foizini 30 yoshgacha o‘qigan bo‘lsam kerak. Yomon odatim, masalan, kunimni rejalashtirib, bir kunda falon sahifa yoki falon daqiqa o‘qishni vazifa qilib ololmayman. Agar boshlasam, tugatguncha o‘qiyveraman, boshqa ko‘p ishlar qolib ketadi, shuning uchun har safar yangi kitob boshlashim qiyin. So‘nggi yillarda o‘qiganlarimdan quyidagi asarlardan boshqacha ta’sirlandim.

So‘nggi yillarda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Ernest Heminguey. “Alvido, qurol!”. “Fan” nashriyoti. 2018-yil. 337 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, qahramon aslanov, tavsiya

O‘tgan asrda insoniyat va nihoyat tinchlikda yashashga intila boshladi. Endi urush romantika, qahramonlik, vatanparvarlik emas, umuminsoniy fojia sifatida baholanishida, albatta, yozuvchilar ham oldingi safda bo‘ldi. Ernest Heminguey ushbu asarida urush haqiqatini tasvirlaydi. Yozuvchi shu darajada beshafqatki, beixtiyor bu voqealar chindan ham sodir bo‘lgan-u, u xuddi shunday yozishga majbur bo‘lgan, deb o‘ylab yuborasiz. Muallif o‘z qahramonlariga ham, o‘quvchisiga ham achinib o‘tirmaydi, ehtimol, shu yo‘l bilan urushga bo‘lgan nafratini izhor qilgan, shu orqali insoniyatni urushning ayanchli oqibatlaridan ogohlantirmoqchi bo‘lgandir.

Asarni o‘qiyotib, qaysidir ma’noda Remarkning “Uch og‘ayni” romanini ham esladim. Umumiy jihatlar ko‘p. Remarkning boshqa, “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani ko‘pchilikka yaqinroq tanish, ayniqsa, ekranizatsiyadan so‘ng ko‘proq tilga olinmoqda. Ammo “Uch og‘ayni"ning “Alvido, qurol"ga o‘xshashligi shundaki, har ikki asar ham urushning o‘zini tasvirlamay turib, bor dahshatini ko‘rsatib bera olgan. Urushni yashab o‘tish osonroqdek, atrofingizda do‘st, qarshingizda dushman, oldingizda maqsad… Qachondir tugaydi. Ammo uning oqibatlari tugamaydi, endi inson o‘z fojiasi bilan o‘zi qoladi. Eng yomoni, atrofingizda hamdard ham topa olmaysiz — hammaning o‘z dardi bor.

O‘zbek adabiyotidan qidirsak, shu kabi yo‘nalishda Uchqun Nazarovning “Chayon yili” romani ham yaxshi yozilgan (sotib olish).

Aleksandr Soljenitsin. “GULAG arxipelagi”. “Azbuka” nashriyoti. 2022-yil. 1424 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, qahramon aslanov, tavsiya

“Dunyoga kelgan zo‘ravonlik oyoqqa turib olgach, yolg‘onga burkanib, uning xushomadlariga mast bo‘lib yuraveradi. U endi to‘g‘ridan to‘g‘ri kekirdakka yopishmasdan, ko‘pincha tobelardan yolg‘onga sadoqatni, unda ishtirok etishni talab etadi. Oddiy mard insonning oddiy qadami yolg‘onda ishtirok etmaslik, yolg‘on xatti-harakatlarni qo‘llamaslikdir. Yozuvchi va san’atkorlarning vazifasi murakkabroq — ular yolg‘on ustidan g‘alaba qozonishlari lozim”, — degan edi asar muallifi Aleksandr Soljenitsin Nobel mukofotining taqdimot marosimida.

“GULAG arxipelagi"da 30 yil davomida sovet qamoqxonalarida zulm ko‘rgan turli insonlarning hikoyalari, turfa taqdirlar tilga olinadi. Muallifning o‘zi ham 10 yil qamoqda yotgani, ya’ni barchasi shaxsiy tajriba bilan boyitilgani uchun ham asar yanada haqqoniy chiqqan.

Mavzuga oid o‘xshash asarlardan Nabijoy Boqiyning “Qatlnoma"sini ham tavsiya qilgan bo‘lardim.

Antuan de Sent-Ekzyuperi. “Kichkina shahzoda”. “Ma'naviyat” nashriyoti. 2016-yil. 96 sahifa.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, qahramon aslanov, tavsiya

Bu ertakni ilk bor bolaligimda o‘qiganman. Ikki yil oldin qizlarimga tavsiya qilib, olib keldim va qayta varaqladim. Nafaqat bolalar, balki ko‘proq kattalar ham o‘qishi shart bo‘lgan asarlardan biri, deb o‘ylayman.

Aslida yashash biz o‘ylaganimizdan oson, ezgu qadriyatlar biz tasavvur qilganimizdan tushunarli, sodda. Aslida muhim ehtiyojlar arzimas, kichik narsalar bebaho. Ba’zida barchasiga bola nazari bilan qarab, beg‘ubor tasavvur mezoniga solibgina o‘zimizni o‘zgartirishimiz mumkin.

Asar Ikkinchi Jahon urushi paytida yozilganiga e’tibor bersak, muallif go‘yoki insoniyatni yana bolalikka chorlayotgandek, o‘sha sof tuyg‘ularni asrashni targ‘ib qilayotgandek (sotib olish).

Yoshlarga tavsiyalar

Insonni umuman yoshlikdan kitobga qiziqtirishda bolalar adabiyotining o‘rni ham, mas’uliyati ham beqiyos. Katta asarlar tajribali kitobxonlar tomonidan o‘qiladi, bunda, agar mushtariy yoqtirmasa, boshqa kitobga o‘tib ketishi mumkin. Bolalar yozuvchisining mijozi esa, ehtimol, kitobni ilk bor qo‘liga olgan bolakaydir — uni mana shu olamga qiziqtirish, shu yerda olib qolish vazifasi ancha mushkul. Men bolalikdan Xudoyberdi To‘xtaboyev (“Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”), Mirzakalon Ismoiliy (“Qaysar bolaning hayoti), Mark Tven (“Tom Soyerning sarguzashtlari”) kabi mualliflar orqali mutolaaga qiziqqanman.

Ammo yana bir narsani tan olish kerakki, hozir bolalar tez ulg‘aymoqda, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar ham ko‘proq. Kitobning bu raqobatda g‘alaba qozonishi uchun o‘ziga torta olish xususiyati kuchliroq bo‘lishi lozim. Shuning uchun yoshroq o‘quvchilarga ko‘proq syujet jihatidan dinamik voqealarga boy yoki detektiv asarlar qo‘l keladi. Masalan, Aleksandr Dyumaning har qanday romani, detektivlardan esa, o‘sha Artur Konan Doyl, Agata Kristi kabi klassiklarni tavsiya qilish mumkin (afsuski, o‘zbek adabiyotida bu janr urf emas, xayolga faqat Fayzulla Qilichevning “Zanjir"i va Tohir Malikning sal mos keladigan “Charhpalak” romani keladi). Masalan:

Agata Kristi. “Rojer Ekroydning sirli qotili”. Spectrum Media Group nashriyoti. 2018-yil. 256 sahifa.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, qahramon aslanov, tavsiya

Ajoyib roman. Bir qaraganda, boshqa detektiv hikoyalardan farqlanmaydi, ammo yakunda o‘quvchini katta syurpriz kutadi. Agata Kristi bu safar o‘ziga xos bayon uslubini yaratgan, ma’lum darajada janr qonuniyatlarini buzgan ham, ammo bu jihatlar asar saviyasiga soya sololmaydi. Hatto hozir ham, masalan, Hollivudning ko‘plab filmlarida shunday “tryuk"dan foydalanishadi. Asar haqida hech narsani bilmay, internetdan yoki tanishlardan ma’lumot qidirmasdan, oxirigacha o‘qib chiqishni maslahat beraman (sotib olish).

Mirmuhsin. “Xo‘jand qal’asi” (“Temur Malik”). G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi. 2021-yil. 504 sahifa.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, qahramon aslanov, tavsiya

Ba’zi nashrlarda roman “Temur Malik” nomi bilan ham chiqqan. Agar tariximiz haqida qandaydir katta kino olish kerak bo‘lsa, shaxsan men aynan shu asarni ekranlashtirgan bo‘lardim. Rostan ham yaxshi bir kino ko‘rayotgandek tasavvur paydo qiladi, o‘sha davrga kirib qolasiz. Mashhur “Sheryurak"dan kam bo‘lmagan syujet yaratsa bo‘ladi. Umuman o‘zbek adabiyotida tarixiy asarlar juda o‘qishli — Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar"i, ayniqsa, uning davomi “Humoyun va Akbar"ni mazza qilib o‘qiganman (sotib olish).

Shuningdek, o‘qilishi kerak bo‘lgan asarlar:

  • Fyodor Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”, “Telba”;
  • Mixail Bulgakov. “Ityurak”;
  • Anna Frank kundaligi;
  • Lev Tolstoy. “Iqrornoma”;
  • Markus Zusak. “Kitob o‘g‘risi”;
  • Jorj Oruell. “1984”;
  • Jeyn Ostin. “Andisha va g‘urur”;
  • Rey Bredberi hikoyalari;
  • Cho‘lpon. “Kecha va kunduz”;
  • Abdulla Qahhor. “Sarob”;
  • Ulug‘bek Hamdam. “Muvozanat”;
  • Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor”;
  • O‘tkir Hoshimov va Shukur Holmirzayev hikoyalari;
  • Erkin A’zam va Nazar Eshonqul asarlari.