Navoiy shahri obodonlashtirish boshqarmasining sobiq boshlig‘i Yusuf Tursunov 1 mlrd 53 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilgani uchun 2021-yilda sud hukmi bilan mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgandi. Shahar hokimi Muratxan Egamqulovning 21-iyundagi qarori bilan Tursunov eski lavozimiga qaytdi.

Hujjatda uning Navoiy shahri hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga 3 oy sinov muddati bilan tayinlangani aks etgan.

Tursunov ishi

Kun.uz nashrining yozishicha, sud hukmiga ko‘ra, Yusuf Tursunov 2019-yilda boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, Paradise System Servise MCHJ mansabdor shaxslari bilan 690 dona ko‘cha chirog‘ini sotib olish uchun (har birini 1 mln 204 ming so‘mdan) jami 997 million 50 ming so‘m mablag‘ni jamiyat hisob raqamiga ko‘chirgan.

Ekspertiza xulosasiga asosan, mazkur turdagi chiroqning bir donasi 384 ming so‘m bo‘lgan. Shu tariqa ko‘chirilgan pulning 264 mln 960 ming so‘miga 690 dona chiroq olingan, 732 million so‘mi esa talon-toroj qilingan.

Yusuf Tursunov bu harakatlarini davom ettirib, boshqarma bosh hisobchisi U.Xafizov, Immortal Grand Savdo Service MCHJ mansabdor shaxslari bilan yana shu ishni takrorlagan. Bu safar har biri 384 ming so‘m bo‘lgan 700 dona Slatek LED Street Light-200W ko‘cha chirog‘i 650 ming so‘mdan hamda har birining donasi 272,2 ming so‘m bo‘lgan 650 dona Energomax EMX-0103/150W ko‘cha chirog‘i 480 ming so‘mdan sotib olingan. Talon-toroj qilingan summa esa 321 million 220 ming so‘mни tashkil etgan.

Navoiy shahri obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Yusuf Tursunov jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining 2021-yil 4-martdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

JKning 45-moddasi qo‘llangan holda 1 yil 6 oy mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan.

Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 18-avgustdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmiga qisman o‘zgartirish kiritilib, Yusuf Tursunovga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi muddati 3 yildan 2 yil 7 oyga qisqartirgandi. Unga tayinlangan mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qolgan.

Sudning Yusuf Tursunovni mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi hukmi 2021-yil 18-avgust kuni kuchga kirgan. Ammo u o‘zi 2018-yildan buyon egallab kelgan lavozimida qolgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Navoiy shahri hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Jasur Aslonov Tursunovning lavozimidan olinmaganini uning Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritgani bilan asoslagan.

Keyinroq viloyat prokuraturasi Navoiy shahri hokimi nomiga shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yu.Tursunovni lavozimidan ozod qilish haqida xat tayyorlanib, pochta tarmog‘i orqali yuborilmasdan Yu.Tursunov orqali berib yuborilgani sababli xat ijro uchun shahar hokimligiga o‘z vaqtida yetib bormaganini, Yu.Tursunov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 18-oktabrdan bekor qilinganini bildirgan.

Bu orada Tursunov 2021-yilning 31-avgust kuni Navoiy shahri hokimi Muhiddin Bozorovning farmoyishiga asosan, mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan oylik maoshining 1 barobari miqdorida rag‘batlantirilgan.

юсuф тuрсuнов