20-iyun kuni O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev jurnalistlar bilan muloqot davomida Ukrainadagi “Kaxovka” GESi portlatilganiga to‘xtalib o‘tdi, deya ma’lum qildi “Gazeta.uz” muxbiri.

“[Ukrainadagi] „Kaxovka“ GESi portlatilishi haqiqatan har bir suv inshootining xavfsizligiga ko‘proq e’tibor berish kerakligini yana bir marta ko‘rsatdi. Har bittasi bo‘yicha favqulodda vaziyatda qanday va nima ishlar qilish kerakligini ishlab chiqish lozim. Bizni barcha GESlarimiz va suv omborlarimiz favqulodda portlasa, keyingi jarayon nima bo‘lishi bo‘yicha har bittasida loyiha qilingan. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, „O‘zbekgidroenergo“ nima qilishi bo‘yicha [aniq vazifalar] belgilangan. Bu bo‘yicha albatta, davlatimizda chora-tadbirlar amalga oshirilib borilyapti”, — dedi Shavkat Xamrayev.

Vazirning qayd etishicha, vazirlik yaqinda bu borada amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazgan.

“Chorvoq GESi portladi, deb tasavvur qildik-da, suv necha soatda bizga yetib kelishi, qayerga borib dislokatsiya qilishimiz, qayerda “palatka”lar [o‘rnatib], suvni qanday boshqarish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazdik. Hamma suv omborlarida shunaqa vaziyatlar va birinchi navbatda suv qayerga kelishi, baland nuqta qayerda bo‘lishi (va boshqalar) bo‘yicha loyiha qilingan”, — dedi u.

Avvalroq ushbu anjumanda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri “Gazeta.uz” muxbirining “Tolibon” Amudaryodan suv olish uchun qurayotgan Qo‘shtepa kanali haqidagi savoliga javob bergani haqida yozgandik. Unga ko‘ra, O‘zbekiston bu masalada “Tolibon”ga yordam ko‘rsatadi. “Bu kanal ikki xalqni urishtiradigan emas, birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘ladi”, — dedi u.