2023-yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonning asosiy eksport hamkorlari orasida AQSh 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi. Statistika agentligining ushbu oylardagi tashqi savdo bo‘yicha dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning Qo‘shma Shtatlarga eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga ko‘paydi.

Yilning dastlabki 5 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 25,8 mlrd AQSh dollariga yetdi va 2022-yilning yanvar-may oylariga nisbatan 5,2 mlrd dollarga yoki 25,4 foizga oshdi.

Eksport hajmi 10 mlrd 511,5 mln dollarga (2022-yilning yanvar-may oylariga nisbatan 24,1 foizga ko‘paygan), import hajmi esa 15 mlrd 306,2 mln dollarga (26,4 foizga ko‘paygan) yetdi. Tashqi savdo balansi -4 mlrd 794,7 mln dollarni tashkil etdi. Bu 2022-yilning mos davriga qaraganda 1,1 mlrd dollarga ko‘p.

Davlatlar bilan savdo

Mamlakatning bu davrdagi tashqi savdo bo‘yicha asosiy hamkorlari Xitoy (17,6%), Rossiya (14,9%), Qozog‘iston (7,5%), Turkiya (5%), Janubiy Koreya (4%), Germaniya (3,5%) va Qirg‘iziston (1,6%) bo‘ldi.

Asosiy hamkorlar orasida O‘zbekistonning Turkiya bilan tashqi savdosi hajmida kamayish kuzatildi. Ko‘rsatkich 2022-yilning mos davridagi 1 mlrd 435,4 mln dollardan 1 mlrd 285,5 mln dollargacha pasaydi. Bunda import hajmida o‘sish saqlanib qolgan bo‘lsa, eksport 536,3 mln dollargacha pasayib, 2021-yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan ham tushib ketdi.

AQShning asosiy eksport hamkorlari orasida 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarilgani ham e’tiborga molik. O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlarga eksporti 2023-yilning yanvar-may oylarida 71,9 mln dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravar (301,6 foizga) ko‘paydi, import esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi (2022-yil yanvar-may oylarida 192 million, 2023-yilning mos davrida 185 million).

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatdan uchtasi bilan ijobiy tashqi savdo balansi qayd etildi. Mamlakat Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikistonga importdan ko‘ra ko‘proq eksport qildi. Qolgan 17 ta davlat bilan manfiy tashqi savdo balansi saqlanib qoldi.

2023-yil yanvar-may oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 32,3 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2022-yilning mos davriga nisbatan 1,7 foizga kamaydi.

Eksport

Eksport tarkibida eng ko‘p ulush oltin (41,6 foiz), xizmatlar (16,9 foiz) va sanoat tovarlari (16,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Oltinning eksportdagi ulushi 2022-yilning mos davrida 35,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 41,6 foizgacha oshdi.

To‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha 1 mlrd 278,9 mln dollarlik eksport amalga oshirilib, bu umumiy eksportning 12,2 foizini tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizga kamaydi. Eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari tarkibida ip-kalava (41,4 foiz), tayyor to‘qimachilik mahsulotlari (40,4 foiz) asosiy ulushni egalladi.

Import

Import tarkibida eng yuqori ulush mashina va transport asbob-uskunalari (38,9 foiz), sanoat tovarlari (15,9 foiz), hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. Importda eng yuqori o‘sish sur’ati mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash materiallarda (71,7 foiz) qayd etildi.

Ko‘mir, koks va briketlar importi 1,5 baravarga oshib, 69,1 mln dollarga yetdi. Neft, neft mahsulotlari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 76,2 foizga ko‘payib, 852,4 mln dollarni tashkil etdi. 2023-yilning dastlabki 5 oyida mamlakat 153,1 mln dollarlik gaz, 59,4 mln dollarlik elektr energiyasi import qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston may oyida gaz qazib olishni kamaytirganiga qaramasdan, Xitoyga eksportni oshirgani xabar qilingandi. Qiymat jihatidan yetkazib berish 78,16 mln dollargacha oshgan, bu aprel oyiga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Mamlakatda gaz qazib olish hajmi esa, avval xabar qilganimizdek, pasayishda davom etmoqda.