Nodirjon Xolbo‘tayev Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Nodir Jonuzoqovich (Nodir Jonuzoq taxallusi bilan she’rlar yozadi) 1976-yilda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan.

“Yoshlik” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan. 2018-yildan Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2019-yil dekabr oyida uyushma raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat olib borgan.

2022-yil aprel oyida prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Shu yilning dekabr oyida yana Yozuvchilar uyushmasiga qaytib, raisning ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlay boshlagan.

Departament haqida

Prezidentning 2022-yil oxiridagi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmoni bilan bekor qilingan Davlat tilini rivojlantirish departamenti 4 oy o‘tib — aprelda qayta tashkil etilgan. Hujjat davlat tilining davlat va jamiyat hayotidagi mavqeini oshirish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llash doirasini kengaytirish, zamonaviy ilm-fan rivojida davlat tilining o‘rni va rolini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Departamentning o‘zi ilk bor 2021-yil 21-oktabrda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi kunida tashkil etilgan. 2022-yilda departament Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentiga aylantirilgan.