2022-yil dekabridan buyon Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori sifatida ishlab kelgan Vladimir Norov nafaqaga chiqdi. Bu haqda diplomat o‘zining Twitter`dagi sahifasida e’lon qildi.

“Davlat muassasalari va xorijiy diplomatik missiyalardagi 45 yillik faoliyatimdan so‘ng nafaqaga chiqishga qaror qildim. Qarorimni qo‘llab-quvvatlagani uchun prezident Shavkat Mirziyoyevdan chin dildan minnatdorman”, — deb yozgan Norov.

U o‘rnatgan barcha aloqalaridan O‘zbekistonning tashqi siyosatini ilgari surish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga investitsiyalar, innovatsion texnologiyalar va raqamli yutuqlarni jalb qilish uchun foydalanish niyatida ekanini ta’kidladi. “Buning uchun men Silk Road Advisory konsalting kompaniyasini tashkil qildim”, — deyiladi tvitda.

Vladimir Norov haqida

1955-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Norov 1972—1976-yillarda Buxoro pedagogika institutida tahsil olgan, 1983−1985-yillarda Sovet Ittifoqi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. 1978-yildan 1992-yilgacha ichki ishlar tizimida faoliyat yuritgan.

Shundan so‘ng Prezident devoniga ishga o‘tib, 1995-yilda tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari (bu lavozimda 2010−2013, 2021−2022-yillarda ham ishlagan) etib tayinlangan. Bundan tashqari, turli yillarda prezidentning davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning Germaniya, Belgiya (o‘rindoshlik asosida Polsha va Shveysariya)dagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2006-yildan 2010-yilgacha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilgan.

2013−2017-yillarda O‘zbekistonning Benilyuks (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg iqtisodiy ittifoqi) mamlakatlaridagi elchisi, 2017-yildan 2019-yilgacha Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2019-yildan 2021-yil oxirigacha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bosh kotibi, 2021 yildan 2022-yilgacha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib borgan.

2022-yil 27 apreldan 30-dekabrgacha yana tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 30-dekabrdagi farmoni bilan Markaziy Osiyo xalqaro (MOXI) instituti direktori etib tayinlangan. 2023-yil 16-iyunda ushbu lavozimdan nafaqaga chiqqan.

Vladimir Norov 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.