Prezidentning 2022-yil 25-oktabrdagi qarori bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” axborot portali orqali ovoz berish yo‘li bilan aniqlanishi belgilangandi. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-maydagi qarori bilan esa “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayonlari uchta bosqichda tashkil etiladi:

  • 1-bosqichda — portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
  • 2-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
  • 3-bosqichda — saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.

Loyiha to‘plamini kiritish huquqiga faqat mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ega bo‘ladi va bir yilda faqat bir marotaba bitta loyiha to‘plamini portalga kiritadi. Bunda fuqarolar tomonidan loyihalar to‘plami shakllantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Loyihalar to‘plami tarkibidagi tadbirlar Maxsus komissiya tomonidan tanlab olinadi.

Loyihalar to‘plami tarkibiga tarmoq korxonalari hisobidan amalga oshiriladigan (elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti, aloqa va axborotlashtirish kabi) tadbirlar kiritilmaydi. G‘olib mahallalarni aniqlash loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib amalga oshiriladi. Lekin aholisi soni kam bo‘lgan mahalla (qishloq)larga tuzatish koeffitsiyentini qo‘llaganiladi.

G‘olib mahallalar (qishloqlar) bo‘yicha kiritilgan loyihalar to‘plami tarkibidagi tadbirlardan tegishli loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonining 50 foizidan yuqori ovoz to‘plaganlari amalga oshiriladi. Bunda fuqarolar ovoz berish jarayonida loyihalar to‘plami tarkibidagi haqiqatda mahalla (qishloq) uchun real muammo bo‘lgan tadbirlarni tanlashi lozim bo‘ladi.

Qarorga ilova sifatida maxsus komissiyaning namunaviy tarkibi ham keltirilgan. Unga ko‘ra, tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, maxsus komissiya rahbari bo‘ladi. A’zolar ichida hokimining yana ikki o‘rinbosari, tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i, tuman hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakili va nodavlat notijorat tashkilotlari vakili bo‘ladi.

Jamoatchilik munosabati

Nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan, 4-may kuni e’lon qilingan axborotda esa tashabbusli budjetlashtirish uchun fuqarolardan loyihalarni taqdim etish imkoniyati olib qo‘yilayotganini anglatuvchi bandlar ko‘rsatilmagan. Keng jamoatchilik nizomning bunday talablari haqida

Hujjatga dastlab moliyachi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi va “Bu tashabbusli budjetmi yo hokimlar va ularning shotirlarining cho‘ntak budjetimi? Men qarshiman!”, deb post qoldirdi.

Uning fikricha, tasdiqlangan nizomga ko‘ra, fuqarolar de-fakto jarayondan chetlashtirilgan.

“Birinchidan, fuqarolar tomonidan loyihalar to‘plami shakllantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Faqat mahalla raisi bir yilda faqat bir marotaba bitta loyiha to‘plamini kiritish huquqiga ega.

Ikkinchidan, mahalla raisi taklif etgan loyiha to‘plamini Maxsus komissiya tanlaydi. Maxsus komissiyaning oltita a’zosidan beshtasi hokim va uning shotirlaridan iborat, bittagina, uyam kelishuv asosida nodavlat notijorat tashkilotlari vakili qo‘shilishi mumkin.

Uchinchidan, fuqarolar mahalla raisi va Maxsus komissiya chig‘irig‘idan o‘tgan loyihalar to‘plamiga ovoz bera oladi. Undanam qizig‘i, Nizomga ko‘ra, mahalla (qishloq) fuqarolari tegishli mahalla (qishloq) bo‘yicha ilgari surilgan loyihalar to‘plami ichidan o‘zlarini qiziqtirgan tadbirlarga ovoz beradilar. Ma’nosiga ko‘ra, faqat propiska joyi bo‘yicha hokimto‘ra va uning shotirlarining filtridan o‘tgan loyihalarga ovoz berish mumkin bo‘ladi.

To‘rtinchidan, aholisi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar ko‘paytiriladi. Ya’ni demokratiyaining asosi bo‘lgan, bir fuqaro — bitta ovoz prinsipidan amalda voz kechiladi", — degan Otabek Bakirov.

U, shuningdek, jarayonning qoidalari “yopiq kabinetlarda” tasdiqlanganini ta’kidlagan.

“Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan. Va yana savol tug‘iladi: Bu o‘zi tashabbusli budjetmi?

Xullas, Fuqarolarning tashabbuskorligi qaytarilishi kerak, erkin va teng ovoz berish huquqi ta’minlanishi lozim.

Faol jamoatchilikni, OAV va mediani o‘zbekistonliklarning o‘z mablag‘larining o‘zlari taqsimlashi va erkin tanlovi yo‘lidagi jarayonga befarq bo‘lmasliklarini so‘rayman. Agar Davlat rahbarining shaxsan o‘zi iroda ko‘rsatib, xalqqa bergan shu haq tortib olinsa, keyin qolgan qutgani ham tortib olinadi", — degan Otabek Bakirov.

Davletovuz Telegram kanali muallifi Qobil Xidirov yangi nizom tizimni murakkablashtirishini va mahalliy ijro organlarini asosiy aktorga aylantirishini aytgan.

“Supervazirlik rahbariyatining „Tashabbusli budjet“ bo‘yicha xatti-harakatlari tizimni murakkablashtirish, mas’uliyatni o‘zidan soqit qilish va mahalliy ijro organlarini asosiy aktorga aylantirish (eski tartibni tiklash)dan boshqa narsa emas”, — deb yozgan Davletovuz.

Jamoatchilik faollaridan yana biri Qahramon Aslanov o‘zining Twitteri`da “„O‘zi yaxshi g‘oya, lekin takomillashtirish kerak“, „men aslida qarshi emasman, ammo o‘zgartirish kerak“, „yomon emas aslida, ammo fanta tarqatish gadoychilik, shunisini to‘g‘irlaylik“ deb takrorlayvergan faollar, qanaqa daraxtni sug‘organingizni endi anglab yetdingizmi?”, — deb savol berdi.

обод mahalla, обод qishloq, tashabbusli budjet

U shuningdek, o‘zining martda yozgan tvitini qayta eslatdi.

Mazkur tvitda “Agar Open Budget „otmen“ bo‘lsa, u haqda salbiy fikr bildirganlar, „yaxshiroq bo‘lishini xohlayman xolos“ deb tanqid qilayotganlar, takomillashtirish kerak deb kamchiliklarini ko‘rsatayotganlar,umuman hatto mem yo kulgili video qilib tarqatayotganlar ham o‘z vijdonlari oldida javob berishlari kerak”, — deyilgandi.