O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 14-iyundagi qarori bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

20 kVtgacha quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatgan iste’molchilar onlayn platforma orqali “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasiga xabar berishi kerak bo‘ladi.

Korxona 20-iyungacha “Elektrhisob” (elektr hisobi) dasturini tegishli ravishda Bojxona qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasining “Yashil energiya” va Soliq tizimlari bilan integratsiya qilishi kerak.

1-apreldan O‘zbekistonda hududlardagi xonadonlarda kam quvvatli quyosh panellari (umumiy quvvati 50 kVtgacha) o‘rnatishni rag‘batlantirish maqsadida “Quyoshli uy” dasturini amalga oshirish boshlandi.

20-iyundan boshlab jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shartnoma to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan obyektlarda o‘rnatilgan quyosh batareyalari orqali ishlab chiqarilgan, o‘z iste’molidan ortig‘i yagona elektr energiya tizimiga o‘tkazilgan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu dasturga kiritiladi. Har bir kilovatt/soat elektr energiyasi uchun davlat budjetidan 1000 so‘m subsidiya ajratiladi.

Subsidiya har oy yakunlari bo‘yicha yagona elektr energetika tizimiga o‘tkazilgan energiya miqdori va tizimdan iste’mol qilingan energiya miqdori o‘rtasidagi ijobiy farq hajmidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Subsidiya mablag‘lari jismoniy shaxslarning umumiy daromadlariga kiritilmaydi. Subsidiya har oy soliq organlari tomonidan Soliq mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartochkalariga o‘tkaziladi.

Shuningdek, hukumat qarori bilan o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan, quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha energiyani yagona elektr energiya tizimiga o‘tkazish tartibi tasdiqlandi (iste’moldagi ijobiy farq).

Hududiy elektr tarmoqlari ortiqcha elektr energiyasini oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib oladi. Elektr energiyasining narxi ikkinchi toifali iste’molchilar uchun belgilangan tarifning 80 foizini tashkil etadi (hozir — 360 so‘m).

Ortiqcha elektr energiyasini sotish uchun ishlab chiqaruvchi xaridorga (elektr tarmoqlari korxonasi yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga) quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taklif yuborishi kerak:

  • qayta tiklanadigan energiya qurilmalarining texnik tavsiflari;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulash sxemasining nusxasi;
  • yil davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish prognozi (oylar bo‘yicha);
  • elektr energiyasini sotish bo‘yicha imzolangan shartnoma.

Elektr energiyasi xaridori hisoblagich ma’lumotlari asosida hisob-faktura va taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomani olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lov qiladi.

Sotuvchi va xaridor ASKUE tizimiga mos keladigan elektr hisoblagichlarni o‘rnatishi kerak bo‘ladi.