Prezidentning 14-iyun kuni qabul qilingan qarori bilan bir nechta soliq turlari bo‘yicha penya va jarimalar summasidan kechib yuborilishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-iyun holatiga quyidagilar hisobdan chiqariladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i (noturar ko‘chmas mulk obyektlari bundan mustasno) bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari;
  • oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan YATTlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llanilgan jarimalar summasi.

Ushbu soliq qarzi, penya va jarimalarni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ining 3 karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi to‘xtatiladi.

Fermer xo‘jaliklariga 2023-yil 1-iyun holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

2023-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

  • har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligini ta’minlash;
  • har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan (980 ming so‘m) miqdorda belgilash;
  • issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida Nukus shahrida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston aholisining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m, jumladan, Qoraqalpog‘istonda 20 milliard so‘m penya kechib yuborilishini aytgandi.

Uchravshuvda bu ikki soliq yagona mol-mulk solig‘iga birlashtirilib, aholidan undiriladigan qismi to‘liq mahallalar budjetiga o‘tkazilishi, bu Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qolashini anglatishi aytilgandi.