Transport vaziri Ilhom Maxkamov O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi etib saylandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

15-iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rais saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib, vazir nomzodi ma’qullandi.

Shu vaqtgacha federatsiya raisi lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov boshqa ishga o‘tgani sababli o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi.

Ma’lumot uchun, Ilhom Maxkamov 1979-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillardan beri kommunal sohada, xususan, “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori, Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan.

U 2021-yil fevralidan 2023-yil martigacha Uzbekistan Airways kompaniyasi boshqaruv raisi sifatida ishlagan.