2022-yilda Rossiyani 8,5 ming nafar dollar millioneri tark etdi. Bu haqda Britaniyaning Henley & Partners konsalting kompaniyasi dunyodagi badavlat fuqarolar migratsiyasi haqidagi hisobotida ma’lumot berdi.

Kompaniya prognozlariga ko‘ra, 2022-yilda 15 ming nafar dollar millioneri, ya’ni 2021-yilda millioner sifatida hisoblanganlarning 15 foizi Rossiyani tark etishi kutilgandi. Lekin amaldagi ko‘rsatkich kutilganidan deyarli ikki baravar past bo‘ldi.

Kompaniyaning “Kommersant’” nashriga bergan izohiga ko‘ra, bu farq prognoz 2022-yilning yanvaridan iyunigacha kuzatilgan ma’lumotlar va tendensiyalarga asoslangani va urush oqibatida joriy etilgan cheklovlar ko‘plab millionerlarning mamlakatni tark etishini qiyinlashtirgani bilan izohlandi.

Rossiya mamlakatni tark etgan millionerlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinda Xitoy ko‘rsatilgan, mamlakatdan yil davomida 10,8 ming nafar millioner chiqib ketgan. Avstraliya, BAA, Singapur, AQSh, Shveysariya boy odamlarni jalb qilish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan.