O‘zbekistonda 2023-yilda havo kemalarining qo‘nishi va jo‘nab ketishi vaqtida lazer nurlari bilan xalaqit qilish bo‘yicha 10 ta holat qayd etilgan. 2024-yilning 1-yanvaridan 10-mayiga qadar esa yana 6 ta holat qayd etilgan. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Bunday aviatsiya hodisalari statistikasi samolyot ekipajlarining ma’lumotlariga asoslanadi.

“Gazeta.uz” muxbiri shu yilning 5-aprel kuni Toshkentdan uchayotgan reysda shunday holatlardan biriga guvoh bo‘ldi (fotosurat yuqorida, ma’lumot huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan).

Kompaniyaning ta’kidlashicha, lazer nurlari yo‘lovchilar va havo kemasi ekipaji a’zolarining hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi va xavf tug‘dirishi mumkin.

2013-yil 1-martdan O‘zbekistonda lazer nurlari ko‘rsatkichlari sifatida ishlatiladigan portativ lazer emitentlarini olib kirish va sotish taqiqlangan.

2016-yil aprelda yerdan turib samolyot uchuvchilariga lazer nuri orqali shikast yetkazganlik uchun javobgarlik joriy etilgan.

Havo kemasidan foydalanish vaqtida lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116−1-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan. Bunda BHMning 100 baravari (34 mln so‘m)dan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanadi.

Shunday harakat qayta sodir etilsa, shuningdek, badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat odamlar o‘limiga, halokatga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganda, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.