Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Yerbol Karashukeyev mamlakat 2022-yilda O‘zbekistonga go‘sht eksportini 134 baravarga oshirganini ma’lum qildi. Bu haqda u chorvachilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha hukumat majlisida ma’lumot berdi.

2022-yilda O‘zbekistonga go‘sht eksporti 0,2 ming tonnadan 26,2 ming tonnagacha oshgan. Mamlakatning 2022-yildagi go‘sht eksporti esa 28,7 ming tonnani tashkil etgan.

“Bu so‘nggi 10 yildagi rekord ko‘rsatkichdir. Bu yil ham bu tendensiya davom etmoqda”, — dedi vazir.

Chorvachilik Qozog‘iston agrosanoatining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining qariyb 40 foizi chorvachilik hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot o‘rnida, Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 2022-yilning yanvar-noyabr oylarida Qozog‘istondan 16 ming tonna qoramol go‘shti import qilingan. 2022-yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekiston eng ko‘p qoramol go‘shtini import qilgan davlatlar ichida Qozog‘iston (11,6 ming tonna) Belarusdan (17,1 ming tonna) keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Bu davr mobaynida mamlakat qiymati 141,9 mln dollarga teng bo‘lgan 32,8 ming tonna qoramol go‘shti import qilgan.

2022-yil yanvar oyi avvalida Qozog‘istonda boshlangan tartibsizliklar ortidan yuzaga kelgan vaziyat tufayli Belarus va Ukrainadan O‘zbekistonga import qilinadigan go‘shtni yetkazib berishda muammo kuzatilgandi.