14-iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi mis quvurlari ishlab chiqarish sexida portlash ro‘y bergani, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6 nafar fuqaro jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandik, keyinroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi ularning soni 14 ta ekani, bir muddat o‘tib, 16 nafarga yetganini ma’lum qildi.

Tumandagi “Astrobod” ko‘chasida joylashgan mis quvurlari ishlab chiqarish sexining bir qavatli bostirmasi (angar)da texnologik jarayonning buzilishi sababli portlash sodir bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan.

Oqibatda sexning tom qismi konstruksiyalarining qulab tushgan va 50 kv.m maydonda ichki qismi va dastgohlarining yonishiga olib kelgan.

Voqea joyiga FVV va shahar FVB rahbariyati boshchiligida yong‘in-qutqaruv ekipajlari, shuningdek, prokuratura, IIV, Milliy gvardiya, SSB, Hududgaz va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

7 nafar jabrlanuvchining ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun ular tibbiy muassasadan chiqarilgan.