Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) prezidentlikka nomzod, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti doirasida Xorazm viloyatining Urganch shahriga keldi. Bir kun avval u Nukus shahrida qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashgandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati xabariga ko‘ra, nomzod o‘z so‘zini prezidentlik yillarida Xorazmda erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olti yarim yil ichida viloyat iqtisodiyoti 1,3 barobarga o‘sib, 32 trillion so‘mga yetdi, aholi jon boshiga daromad 16,5 million so‘mdan oshdi.

500 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan mahallalarda suv tarmoqlari tortilib, ichimlik suvi bilan ta’minlash 2017-yildagi 52 foizdan 86 foizga ko‘tarildi.

Bolalarni bog‘chalarga qamrab olish 22 foizdan 79 foizga, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish esa 8 foizdan 38 foizga oshdi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Agar ilgari viloyatda bitta oliy o‘quv yurti — Urganch davlat universiteti bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 5 ta davlat, 3 ta xususiy oliy o‘quv yurti va 1 ta xorijiy universitetning filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Talabalar soni 5 barobar ortib, 46 ming nafarga yetdi.

Viloyatda ham 28 zamonaviy shifoxona va poliklinika barpo etildi, dedi nomzod.