Qoraqalpog‘iston olis ovullaridagi bolalarni tashish uchun maktab avtobuslari qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan birinchi viloyat bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) prezidentlikka nomzod sifatida Nukusda saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda partiya matbuot xizmati.

Prezidentlikka nomzod 1−4-sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish Qoraqalpog‘istondan boshlanganini eslatib o‘tdi. U 2021-yilda davlat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ushbu taklif bilan chiqqan edi. Keyin o‘quvchilar uchun bepul tushlik butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqaldi.

“Endi, olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini ham, birinchi bo‘lib shu zamindan boshlaymiz”, — deb ta’kidladi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda 160 ta yangi bog‘cha qurilishi va ta’mirlanishi, 2 mingta xususiy bog‘cha tashkil qilinishini aytib o‘tdi.

Kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 100 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi lozim. Bunda, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 350 tasi ta’mirlanadi. Ixtisoslashgan maktablar soni esa, 2 karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi.

“Natijada, Qoraqalpog‘istondagi maktablarda 30−35 nafardan ortiq bola o‘qiydigan sinflar umuman bo‘lmaydi”, — deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.