Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida prezident Abay viloyati hududida ro‘y bergan o‘rmon yong‘ini oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Toqayev va qardosh Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi.

Tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi.

Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ham muhokama qildi.

Savdo, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Ma’lumot o‘rnida, Abay viloyatida 8-iyun kuni boshlangan o‘rmon yong‘ini oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Rossiya bilan chegaradosh viloyatda sodir bo‘lgan yong‘in maydoni 60 ming gektardan oshiqni tashkil etgan. Mamlakatda 12-iyun milliy motam kuni deb e’lon qilindi.