2-iyun kuni O‘zbekistonda bir kun ichida beshta o‘z joniga qasd qilish holati aniqlandi. Bu haqda o‘z manbasidan ma’lumot olgan “Gazeta.uz” Bosh prokuratura matbuot xizmatiga so‘rov yubordi va tashkilot ma’lumotlarni tasdiqladi.

O‘sha kuni to‘rtta viloyatda ikki erkak va ikki ayol osilgan holda topilgan, bir erkak esa derazadan sakragan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida 49 yoshli erkak o‘z uyi balkonida qoramol uchun mo‘ljallangan arqonga osilgan holda topilgan.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi firmalardan birining 45 yoshli qorovuli ish joyida osilgan holda topilgan.

Navoiy shahrida yashovchi 79 yoshli nafaqaxo‘r o‘z uyining beshinchi qavatidan o‘zini tashlagan. U olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi 52 yoshli fuqaro o‘z uyi hovlisidagi molxonada metall simdan yasalgan ilmoqqa osilgan holda topilgan. Bunga rashk sabab bo‘lgani taxmin qilingan.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 27 yoshli ayol o‘z uyida osilgan holda topilgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergov olib borilmoqda.