Samarqandda 4-qavatdan tushib ketgan qizchani qutqarib qolgan to‘rt nafar maktab bitiruvchisiga O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan noutbuklar sovg‘a qilindi va oliy o‘quv yurtlariga kirishda qo‘shimcha darslar hamda xorijiy tillarni o‘rganishdagi xarajatlari qoplab beriladigan bo‘ldi. Bu haqda agentlik rahbari Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Avvalroq 1-iyun kuni Samarqanddagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Sh.Boborahimov, M.Saidalimov, O.O‘tkirov va J.Eshnazarov ko‘p qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan qizchani ko‘rib qolgani, qizcha pastga sirg‘alib tushib ketganida uni tutib olgani haqida xabar bergan edik.

Samarqand viloyat IIB ham yigitlarga minnatdorchilik bildirdi.