AQSh rahbari Jo Bayden davlat qarzining yuqori chegarasini vaqtincha olib tashlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Prezident bu qonunni imzolashi orqali AQSh o‘z tarixidagi birinchi defoltdan qutulib qoldi. Agar davlat qarzi chegarasi bekor qilinmaganida yoki oshirilmaganida, 5-iyundan boshlab AQSh G‘aznachiligi hukumat faoliyatini moliyalashtira olmay qolgan bo‘lardi.

Avvalroq Jo Bayden va Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti davlat qarzi chegarasini yana ikki yilga oshirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgandi. 1-iyun kuni qonun loyihasi Vakillar palatasi tomonidan, 2-iyun kuni esa Senat tomonidan ma’qullangan. Qonun 2025-yilning 1-yanvarigacha federal hukumatga qo‘yilgan chegaradan ko‘proq qarz olishga imkon beradi.

Qo‘shma Shtatlarda davlat qarzining umumiy miqdori bo‘yicha qonun bilan belgilangan chegara mavjud, ya’ni qarzning maksimal chegarasi. Bu federal hukumat o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarish uchun qarz olishga ruxsat etilgan maksimal miqdordir.

Bu majburiyatlarga ijtimoiy himoya dasturlarini moliyalashtirish, davlat qarzi bo‘yicha foizlar va harbiylarning maoshlari kiradi. Hukumat soliq yig‘imlaridan ko‘ra ko‘proq pul sarflagani sababli hisob-kitoblarni to‘lash uchun qarz olishga majbur bo‘ladi.

Yanvar oyida AQSh qarzi maksimal chegarasiga yetgan, shundan so‘ng Moliya vazirligi moliyaviy operatsiyalarni davom ettirish uchun favqulodda choralarni qo‘llashga majbur bo‘lgandi.

Bir necha oy davomida respublikachilar va demokratlar milliy qarz limitini oshirish borasida kelisha olmagan. Hozirda AQSh Kongressi Vakillar palatasini nazorat qilayotgan respublikachilar hukumatni kelgusi yillarda xarajatlarni qisqartirishga chaqirdi. Demokratlar ba’zi soliqlarni oshirish bilan javob bergan.

AQSh qarzi an’anaviy ravishda eng ishonchlilaridan biri hisoblanadi va dunyodagi asosiy zaxira aktivi hisoblanadi — jamg‘armalarning deyarli 60 foizi dollarda saqlanadi. Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, AQSh hukumatining defolti global retsessiyaga va millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Ehtimoliy yoki muqarrar defoltning sabablari, potensial oqibatlari va AQSh hukumati ixtiyoridagi favqulodda choralar to‘g‘risida “Gazeta.uz” sharhini ushbu havola orqali o‘qish mumkin.