5-iyun kuni asosan Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi Nasafnews.uz internet-nashri o‘z faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi. Shu bilan birga, nashr rahbari hisoblanmish “Kapitan Karimov” blogi muallifi Umid Karimov ham ortiq blogini yuritmasligini ma’lum qildi.

Buning ortidan yana ikki nafar bloger Otabek Artikov hamda “AvtoblogUz” muallifi Maqsud Muzaffarov faoliyati nihoyasiga yetganini xabar qildi.

Mazkur holatlar blogerlar bilan yaqin kunlarda bo‘lib o‘tgan voqealar ortidan yuz berayotgan bo‘lishi mumkin. Xususan, 29-may kuni Umid Karimov va Maqsud Muzaffarov MJtKning turli moddalari bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, 5 sutkaga qamalgandi.

Dastlab holat haqida qamalganlardan biri — avtobloger Maqsud Muzaffarov o‘zining Telegram-kanalida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Umid Karimovni ichki ishlar xodimlari IIBga olib kirib ketgan, bunga blogerning xodim “to‘xtab turgan mashina”ni tekshirayotganiga bildirgan e’tirozi sabab bo‘lgan. O‘shanda ularni tekshirgan xodim Shahrisabz IIB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgani aytilgandi.

Voqealar rivojida mazkur holatlarni ommaga ochiqlagan avtobloger ham ushlanib, sudga olib ketilgan, deya ma’lum qilgandi Otabek Artikov.

“Gazeta.uz” blogerlar bilan bog‘lanib, vaziyat yuzasidan izoh oldi.

“Faoliyatimni yakunlashimda bo‘lib o‘tgan voqealarning aloqasi bor. Bir narsaga achindim, sud zaliga kirganimdan keyin sudyadan bodikamerani ko‘rishlarini juda ko‘p iltimos qildim. Lekin u buni inobatga olmadi. Sudyaga xodimni urmaganim, so‘kmaganim, haqorat qilmaganimni aytdim. Sud zalida televizor bor, bodikameradagi videoyozuvlarni qo‘yib berishlarini so‘radim, biroq inobatga olishmadi”, — dedi Umid Karimov.

“Advokat so‘raganimda ham javob bo‘lmadi. Tanish yuristga telefon qilib, jarayonda ZOOM orqali ishtirok etishini ta’minlab berishlarini so‘radim. Afsuski, birortasi qanoatlantirilmadi. Bekorga 5 sutka berib, chiqarib yubordi. Faoliyatimni shuning uchun tugatmoqchiman”, — dedi bloger.

“Bizni qonun himoya qiladi, deb o‘ylagan ekanmiz…”, — deya fikrlarini yakunladi Karimov. U kelgusi rejalari haqida hali chuqur o‘ylanib ko‘rmaganini qo‘shimcha qildi.

Avtobloger Maqsud Muzaffarov faoliyatini “himoya yo‘q”ligi sabab davom ettirmasligini ta’kidladi.

“Haqiqat yo‘qligini ko‘zim bilan ko‘rdim. Faoliyatni davom ettirishim uchun himoya yo‘q ekanini ko‘rdim. Shu ishlar ko‘zimni ochdi”, — dedi u.

“Oliy sudgacha borishni reja qildim. Sudda bodikamera olib keltirilmadi. Agar olib kelinsa biz aybsiz ekanimiz, haqorat qilmaganimiz va boshqa narsalarga oydinlik kiritilar edi. Advokat bilan ta’minlanmadik. Tuhmatlarni isbotlashimga Xudo kuch-quvvat bersin”, — deya ta’kidladi Maqsud Muzaffarov.

Otabek Artikov ham faoliyatini tugatishiga blogerlar bilan bog‘liq holatlar sabab bo‘lganini aytdi.

“Yoshligimdan juda ishkalchi bo‘lganman 10−15 sutkalik jazolarni endi ko‘rayotganim yo‘q. Lekin o‘sha ishkallar sabab onam qo‘rquvdan sog‘lig‘ini yo‘qotdi — 2 marta insultni boshidan o‘tkazdi. Bu „qama-qamalar“ avj olgan bir vaqtda men onamni hayoti bilan „risk“ [xavf-xatar] qila olmayman, ana Maqsud Muzaffarov mavzusida ko‘rdingiz, sud ularni vajini tinglamay ham 5 sutka berib yubordi. Ertaga meni ham bunday narsalardan hech kim „straxovka“ qilishga kafolat bermaydi”, — deydi Artikov

“Agar man bilan shunday holat yuz berganda onam buni ko‘tarolmasdi, men onamni qotiliga aylanishni istamayman. Buyog‘iga oddiy odamlar qatorida yashamoqchiman. Hozircha dam olmoqchiman erkin va hadiklarsiz hayotdan to‘yib-to‘yib nafas olmoqchiman. Keyingi ishlar haqida hali o‘ylamadim”, — dedi Otabek Artikov.

Bundan tashqari, 5-iyun kuni Keshnews va Yazdurdiyev Telegram-kanallari ham faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi.