AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Xorazm viloyati Xiva shahridagi Toshhovli saroyida konservatsiya va restavratsiya ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.

1829−1839-yillarda Xiva xoni qurdirgan Toshhovli saroyi noqulay ob-havo va ilgari noto‘g‘ri olib borilgan restavratsiya ishlari tufayli ta’mirtalab bo‘lib qolgan, bezakli koshinlari va g‘ishtlari parchalanib ketgan.

AQSh Davlat departamentining Madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha elchi jamg‘armasi (AFCP) ko‘magi bilan ushbu saroyning bezakli koshinlarini qayta tiklash va yetishmayotgan qismlarini yangi ishlab chiqarilgan xuddi shunday koshinlar bilan almashtirish uchun hududdagi yuqori malakali kulollar jalb qilindi.

ақш elchixonasi, тошҳовли, хиva

“Toshhovli saroyi xorazmlik mohir kulollar, yog‘och va marmar o‘ymakor ustalari hamda xattotlar mehnatining yorqin ifodasidir. Bu yerda hunarmandlar birgalikda O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniyati va an’analarini o‘z ichiga olgan haqiqiy san’at asarini yaratdilar”, — deyiladi xabarda.

Ushbu tarixiy obidada aks ettirilgan badiiy elementlar aynan Xivaga xos bo‘lib, ular boshqa joyda uchramaydi. Toshhovli 1990-yilda YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xivaning eski shahri tarkibida XIX asrda qurilgan eng muhtasham saroylardan biri hisoblanadi.

“Biz O‘zbekistonning maftunkor va betakror madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan xursandmiz. Biz nafaqat O‘zbekistonning boy tarixini, balki turizmga bo‘lgan qiziqish va bu orqali mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirish, mahalliy mutaxassislar tajribasini namoyish etish orqali uning kelajagini ham qo‘llab-quvvatlayapmiz”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

AFCP tarixiy obidalar, artefaktlar, qo‘lyozmalar, san’at, arxitektura, musiqa, raqs va til kabi an’anaviy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grantlar ajratadi. Butun dunyo bo‘ylab 130 dan ortiq mamlakatda kamida 1200 ta loyihani moliyalashtirish uchun 115 million dollardan ko‘proq xayriya qilgan.

O‘zbekistonda esa madaniy merosni saqlashga oid 9 ta turli xil loyihani amalga oshirish uchun Qo‘shma Shtatlar 700 ming dollardan ortiq sarmoya kiritgan. 2023-yil oxirida AQSh elchixonasi Qashqadaryo viloyatidagi Langar otada restavratsiya ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda.