3-iyun kuni soat 12:30 atrofida Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida maktab o‘quvchisi kanalga cho‘kib ketdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar qildi.

Shaharning “Ishchilar” mahallasida yashovchi 16 yoshli I.M. Jo‘n kanaliga cho‘milish uchun borgan. Suvga tushgan paytda kanaldagi suv oqimi kuchliligi tufayli va yigit o‘zini o‘nglay olmagani sababli kanaldan chiqa olmay, oqib ketgan.

Holat yuzasidan soat 13:10 da viloyat FVBga xabar kelib tushgan. Boshqarma tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlariga 3 nafar g‘avvos-qutqaruvchi jalb qilingan. Uning jasadi 4-iyun kuni soat 10:00 atrofida suv tubidan topilgan.

25-may kuni Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida maktab bitiruvchisi Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi. Uning jasadi oradan 9 kun o‘tib topilgan.