5-iyun kuni soat 15:00 da Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2022-yil 1−2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud jarayoni yuzasidan 16 nafar mahkumning apellyatsiya shikoyatlari, shuningdek, prokuraturaning shartli hukm chiqarilgan 4 nafar sudlanuvchiga nisbatan protestini ko‘rib chiqishni yakunlab, sud qarorini e’lon qiladi.

29-may kuni sud muzokarasi nihoyasiga yetgan va sudya Askar Bekmanov boshchiligidagi hay’at hukm chiqarish uchun maslahat xonasiga yo‘l olgandi.

Prokuror 4 nafar ayblanuvchining shartli jazosini real muddatlarga almashtirish, 13 nafar mahkumning jazosini yengillashtirish, ulardan 8 nafarini esa ozod qilishni so‘radi. Jumladan, prokuratura vakili suddan to‘rt nafar ayblanuvchiga nisbatan shartli jazo va ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni real muddatlarga almashtirishni so‘radi.

Avvalroq, 10-may kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya ishi jarayonida esa sudlanuvchilar va advokatlar jazoni yengillatishni, marhum Shamshetovni esa oqlashni so‘rashgandi.

Sud davomidagi muzokaralar bilan batafsil quyidagi o‘xshash xabarlar bo‘limi orqali tanishishingiz, jarayonlardan jonli efirlarni esa “Gazeta.uz”ning YouTube sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.