Toshkentda fuqarolarga Haj kvotasi va viza tayyorlab berishni va’da qilgan xususiy firma rahbarlari qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Xususan, Z.T. MCHJ rahbari I.D. fuqaro I.B.ga o‘zining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ishlovchi tanishlari orqali 12,5 ming dollar evaziga Haj ziyoratini amalga oshirish uchun kvota olib berishni va’da qilgani aniqlangan. 31-may kuni Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bo‘nak sifatida 1000 dollarini olgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

дхх, ҳаж-2023

Shuningdek, 2-iyun kuni Uchtepa tumanida joylashgan A.K. MCHJ ofisida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kompaniya rahbari A.M. va xodimlar — I.I., M.X. fuqaro T.I.ni aldagani ma’lum bo‘lgan.

Unga yuqori lavozimda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali 10 ming dollari evaziga Haj ziyoratini amalga oshirish uchun viza qilib berishni va’da qilib, shundan 3000 dollarini olgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Har ikkala holatlar yuzasidan firma mutasaddilari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlarini olib borilmoqda.

Avvalroq 31-may kuni yana Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xususiy firma rahbarlari 20 ming dollar evaziga fuqaro va uning onasiga Haj vizasini tayyorlab bermoqchi bo‘lib, shundan 4 ming dollarni olayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar qilingan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda fuqarolarni Hajga yuborish vakolati faqatgina qo‘mita va Musulmonlar idorasida mavjud ekani, xususiy kompaniyalarning ushbu faoliyatni olib borishi noqonuniy ekanini ma’lum qilgan edi. Noqonuniy safarlar uchun Saudiya Arabistonidan deport qilish va 10 yilga kirishni taqiqlash jazosi ko‘zda tutilgani eslatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 4-iyun kuni Uzbekistan Airways`ning bortida 240 nafar ziyoratchisi bo‘lgan ilk reysi Toshkentdan Madinaga uchib, 2023-yilgi Haj mavsumini ochib berdi. Musulmonlar idorasi ziyoratchilarning yaqinlariga tiqilinch va tirbandlikning oldini olish uchun aeroportga kelmay, masjidlardan kuzatib qo‘yishni tavsiya qildi.