Qozog‘iston 2024-yilgi kuz-qish mavsumiga qadar Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun infratuzilmani shay holatga keltiradi. Bu haqda 2-iyun kuni parlament quyi palatasida gaz tarmog‘i holati bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakat energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz hajmi hamda narxi bo‘yicha muzokaralar hamon davom etmoqda. Qozog‘iston tomoni allaqachon tranzitni ta’minlashga tayyorligini bildirgan.

“Bu muzokaralar yakunlanishi bilan biz infratuzilmamizni taqdim etishga tayyormiz. Qolaversa, infratuzilma kelasi yilning kuz-qish mavsumida tayyor bo‘lishi haqida gapiryapmiz. Ushbu tranzitdan va tranzit uchun mablag‘ olishdan, umuman, Markaziy Osiyo mintaqasida energiya ta’minoti ishonchliligini oshirishdan manfaatdormiz”, — dedi u.

16-may kuni Qozog‘iston hukumati yig‘ilishida Energetika vazirligi rahbari Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar “yetarlicha konstruktiv tarzda” ketayotganini aytgan edi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya rus gazini yetkazib berishning tijoriy shartlarini faqat texnik masalalar hal etilgandan keyingina muhokama qila boshlashini ta’kidladi.

Aprel oyi oxirida vazir “Gazeta.uz”ga Rossiyadan O‘zbekistonga gazni “O‘rta Osiyo-Markaz” (CAC) gaz quvuri orqali yetkazib berish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.

30-may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Sankt-Peterburgda “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller bilan yana uchrashib, Rossiya gazini yetkazib berish masalasini muhokama qildi.