Shavkat Mirziyoyevning 1-iyundagi farmoni bilan Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etiladi.

Farmonda yangilangan Konstitutsiyada belgilab berilgan ijtimoiy davlat tamoyillari qayd etilgan, shuningdek, “fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish” haqida so‘z borgan.

Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. U o‘z faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni O‘zLiDeP partiya s’ezdida saylovoldi dasturini taqdim etar ekan, shunday dedi: “Ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerak”.

“Misol uchun, bizda og‘ir vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi 9 mln aholi bor. Bular — nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar”, — dedi u.

Ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida hozirda 6 ta vazirlikka tarqoq bo‘lgan barcha ijtimoiy xizmatlar birlashtiriladi. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Farmonda davlat tomonidan aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan:

  • kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish;
  • ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash;
  • ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
  • aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish;
  • xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish.

Ijtimoiy himoya agentligi tarkibiga quyidagi tuzilmalar o‘tkaziladi:

15-iyundan — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan:

  • Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
  • Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘limlari;
  • Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi;
  • keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
  • Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
  • keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.

15-iyundan boshlab:

  • O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasidan — Paralimpiyachilar matonat maktabi;
  • Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash institutining faoliyati hamkorlikda muvofiqlashtiriladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan — bolalar uylari;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan — mehribonlik uylari;
  • mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan — voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari.

2024-yil 1-avgustdan:

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan — alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan — imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari.

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • Ichki ishlar vazirligi tizimidan — muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidan — Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi.

Ko‘rsatilgan tashkilotlar va tarkibiy bo‘linmalar “mavjud moliyalashtirish manbalari, shtat birliklari, huquq va majburiyatlari, mol-mulki hamda boshqa tovar-moddiy boyliklari bilan to‘laligicha” agentlikka o‘tkaziladi.

“Inson” ijtimoiy xodimlar guruhlari

Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida 1-iyuldan boshlab tuman (shaharlar)dagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy soha xodimlari guruhlari tashkil etiladi. Ularning asosiy vazifalari:

  • har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash;
  • oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish;
  • ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish;
  • og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish.

Agentlik huzurida, shuningdek, quyidagilar tuziladi:

  • Ijtimoiy inspeksiya hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari;
  • Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi;
  • Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti;
  • Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning bo‘linmalari negizida Agentlik markaziy apparati tarkibida Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari.

O‘z vazifalarini amalga oshirish uchun agentlikka quyidagi huquqlar beriladi:

  • aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dasturlar talablarini bajarmagani uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha vakolatli davlat organlariga taqdimnomalar kiritish;
  • o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
  • o‘z vakolati doirasida ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan holatlar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish;
  • o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish;
  • davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash;
  • o‘z vakolatlari doirasida maslahat-kengash organlari va ekspert komissiyalarini tashkil etish;
  • o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislarini jalb etish;
  • ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik yuzasidan va boshqa shartnomalarni tuzish.

Prezident administratsiyasi tuzilmasidagi o‘zgarishlar

O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimi joriy etildi.

Avvalroq yozganimizdek, 1-iyun kuni Mansurbek Olloyorov agentlikka rahbar etib tayinlandi.

PAda Ижтимоий himoya masalalari bo‘yicha sho‘’ba ham tashkil etildi.

Agentlik zimmasiga yuklangan asosiy vazifalar:

Agentlikka 15-iyulga qadar YUNISEF ekspertlarini jalb qilgan holda ijtimoiy himoya tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish topshirildi.

1-avgustga qadar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida ijtimoiy soha xodimlarini tayyorlash dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

1-sentabrga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

2024-yil 1-yanvarga qadar mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olish darajasini oshirishga oid takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Xuddi shu sanaga qadar davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini hamda ularning ijrosini monitoring qilish mezonlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni uyda parvarishlash bilan band bo‘lgan oila a’zolariga ko‘maklashish bo‘yicha ijtimoiy himoya mexanizmlari ishlab chiqilishi kerak.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ijtimoiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Agentlik yangi loyihalar ishlab chiqish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi mavjud muammolar va takliflarni muhokama qilish uchun jamoatchilik vakillaridan iborat kengash tuzadi.

“Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi

1-oktabrga qadar zarur idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Xuddi shu kundan boshlab Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi.

Aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

Axborot bazalari ma’lumotlari asosida har bir fuqaroning iqtisodiy-ijtimoiy holati, ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini aks ettiradigan ijtimoiy pasportlar joriy etilmoqda.

Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi

1-oktabrdan boshlab Ijtimoiy himoya agentligi huzurida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi tuziladi. Farmonda jamg‘arma mablag‘larini oluvchilar hamda moliyalashtirish manbai kesimida ma’lumotlar shakllanishi va xarajat qilinishining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilga.

Mehr va saxovat kuni

O‘zbekistonda har juma Mehr va saxovat kuni sifatida belgilandi. Ushbu kunda barcha davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojmand aholi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olishi, ularga g‘amxo‘rlik qilishi hamda xayriya tadbirlarini o‘tkazishi zarur.