Toshkentning Yashnobod tumanida fuqarolarga 20 ming dollar evaziga Haj vizasini tayyorlab bermoqchi bo‘lgan firma rahbarlari qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

31-may kuni Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Yashnobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari fuqaro Yu.A.ning arizasida keltirilgan vajlarni tekshirib ko‘rish uchun Shayxontohur tumanida joylashgan “E.R” MCHJ ofisida tezkor tadbir o‘tkazgan.

Unda MCHJ rahbari X.M. va menejeri B.Ch. fuqaro A.M.ni aldab, unga va onasiga yuqori lavozimda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali Haj ziyoratini amalga oshirish uchun Haj vizasini tayyorlab berishni va’da qilgan. Buning uchun 20 ming dollar so‘ragan.

Shundan 4 ming dollarni olgan vaqtda xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan fuqarolar Ya.X., M.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlarini olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda fuqarolarni Hajga yuborish vakolati faqatgina qo‘mita va Musulmonlar idorasida mavjud ekani, xususiy kompaniyalarning ushbu faoliyatni olib borishi noqonuniy ekanini ma’lum qilgan edi. Noqonuniy safarlar uchun Saudiya Arabistonidan deport qilish va 10 yilga kirishni taqiqlash jazosi ko‘zda tutilgani eslatib o‘tildi.

O‘zbekistonda Haj mavsumi 4-iyundan boshlanadi.