Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi 16−20-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Unga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston tomonidan tashkiliy qo‘mita o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyaning Madrid shahriga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Aziz Abduhakimov UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili va bo‘lajak Bosh assambleyaning asosiy hamda yordamchi tadbirlarini o‘tkazish uchun mas’ul ishchi guruhlar a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda tadbirlarning dastlabki dasturi, tashkiliy masalalar, yalpi va sessiya majlislari uchun taklif etilayotgan kun tartibi va reglamenti muhokama qilindi.

unwto, Жаҳон turizm tashkiloti, самарқанд

Jumladan, tadbir doirasida Investitsiya forumi, Ta’lim bo‘yicha vazirlar paneli sessiyasi, “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” turizm forumi, ekoturizm festivali, eng yaxshi “sayyohlik qishloqlari”ni taqdirlash marosimi va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgani qayd etildi.

Shuningdek, UNWTO bosh kotibining 2022-yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Respublika hukumati tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi, jumladan, Samarqand shahrida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilishi, UNWTO`ning Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” hududiy tematik ofisi, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm mukofotini ta’sis etish va bir qator boshqa masalalar borasida ham fikr yuritildi.

“Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyadan jahon hamjamiyatini maksimal darajada xabardor qilish maqsadida iyun va oktabr oylarida jahon OAV vakillari uchun bir qator press-turlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Pololikashvili UNWTO O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleya mamlakat va jahon turizm sanoatida tarixiy voqea bo‘lishi uchun “barcha ishni qilishini” ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim Aziz Abduhakimov va Zurab Pololikashvili tomonidan imzolandi.

UNWTO Bosh assambleyasi 2 yilda bir marta o‘tkaziladi. Uni O‘zbekistonda o‘tkazish haqida Madridda bo‘lib o‘tgan 24-sessiya davomida ma’lum qilingan. O‘sha paytda bunga Portugaliya ham da’vogarlik qilgan. Bo‘lajak sessiya munosabati bilan ko‘hna shahar Samarqand 2023-yilda jahon turizm poytaxti bo‘ladi.