O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Mansurbek Polvonzoda Olloyorov prezidentning ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Bunga qadar Mansurbek Olloyorov prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Seshanba kuni O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi haqida e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida hozirda 6 ta vazirlikka tarqoq bo‘lgan barcha ijtimoiy xizmatlar birlashtiriladi. Agentlik xodimlarining kamida 10 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan ishga qabul qilinadi.