May oyi oxirida Toshkentda jamoat transportida naqd pulda to‘lanadigan yo‘l haqi kartada to‘langan summadan ko‘ra qimmatlashishi kerak edi. Yangi tizimda bir transportdan boshqasiga o‘tish uchun yangi tariflar paydo bo‘lishi rejalashtirilgandi. Unda bir soat ichida karta orqali to‘lab “peresadka” qiladigan bo‘lsangiz, ikkinchi transportda chipta narxi arzonga tushishi aytilgandi. O‘zgartirishlar O‘zbekiston prezidentining fevraldagi jamoat transporti tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan, biroq o‘zgarishni bahordan kuzga ko‘chirishga qaror qilindi.

Toshkent shahar Kengashi deputati Xusniddin Ergashevning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ayrim deputatlar “tariflar oshirilishiga keskin qarshi”. “Yo‘l haqi 1-avgustgacha oshmaydi. Ammo 1-avgustda oshadi”, — dedi u.

Bu o‘zgarishlar nima uchun kerak?

ATTO kompaniyasi (2020-yilda joriy etilgan yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi operatori) ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘pchilik yo‘lovchilar naqd pulda yo‘l haqini to‘lashni davom ettirmoqda, chunki transport yoki bank kartalari bilan to‘lashda imtiyozlar yo‘q — yo‘lkira haqi ikkisida ham bir xil — 1400 so‘m.

Naqd (2000 so‘m) va naqd pulsiz (1600 so‘m) to‘lashda yo‘lkira tariflarining taklif etilayotgan farqi korrupsiyani kamaytiradi va milliardlab so‘mlarni yashirin muomaladan olib qoladi. Masalan, Olmaota 2017-yilda tannarxdagi farq tufayli 2,3 mln AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yashirin aylanmadan asrab qolingan.

jamoat transporti, yo‘lkira

Naqd pulsiz qilingan to‘lovlarni rag‘batlantirishning joriy etilishi yana bir qator afzalliklarga ega. Bunda metro kassalaridagi navbatlar qisqaradi. Bu kassirlarning ish haqi uchun xarajatlarni optimallashtirishni anglatadi. Avtobuslarning tezligi va yo‘lovchilar xavfsizligi ortadi, chunki konduktorlar naqd pul to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga, haydovchilar ularga e’tibor qaratishga kamroq vaqt sarflaydi.

O‘zbekiston Transport vazirligining Transport va logistika rivojlanishini o‘rganish markazi direktori Murod Obidovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, tarif va chegirmalarning yangi tizimi jamoat transportidan tez-tez foydalanadigan va bir transportdan boshqasiga o‘tadigan yo‘lovchilarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Shahar jamoat transporti yo‘lovchilari sonini ko‘paytirishdan manfaatdor, chunki bu shaxsiy transport va taksilardan foydalanuvchilar sonini kamaytiradi. Shu bois jamoat transportidan muntazam foydalanayotganlar uchun yo‘l haqi arzonlashadi.

“Ko‘pgina mamlakatlar naqd pulda to‘lash imkoniyatidan butunlay voz kechgan yoki undan foydalanishni cheklab qo‘ygan. Hatto naqd pulni qabul qilganlar ham muammolarga duch kelishadi, masalan, mashinalar katta nominallardan foydalanganda qaytim bermasligi mumkin. Karta orqali to‘lov yo‘lovchilarga ham, transport tizimlari uchun ham turli imtiyozlar beradi”, — dedi u.

Dunyoning ko‘plab transport tizimlarida yo‘lovchilar naqd va naqdsiz to‘lovlar uchun turli tariflarning joriy etilishiga qarshi. Masalan, to‘lovni faqat kartadan amalga oshirishga o‘tish ayrim shaharlarda yo‘l haqini boshqa usul bilan to‘lashni bilmagan keksa odamlar noroziligiga duch keldi.

Misol uchun, Seulda jamoat transportida naqd pulning rad etilishi aholining turlicha munosabatiga asos bo‘ldi. Keksalar qiyinchilikka uchradi, lekin transport kartalaridan foydalanishni o‘rganishni niyat qilishdi, chunki ularda boshqa tanlov yo‘q edi.

Olmaotada o‘zgarishlarni amalga oshirishdagi xatolar ish tashlashlarga olib keldi. Rasmiylar shahar yo‘nalishlarida ONAY transport kartalari orqali yo‘l haqini to‘lash tizimini joriy qilgan, ammo mintaqaviy yo‘nalishlarda buni yo‘lga qo‘ymagan. Natijada mintaqaviy yo‘nalishlar haydovchilariga Olmaota shahriga kirish taqiqlandi. Ko‘pgina yo‘lovchilar transport kartalari bilan yo‘l haqini to‘lay olmagani uchun jamoat transportiga o‘ta olmadi.

Yo‘l haqi qimmatlashadimi yoki arzonlashadimi?

Yangi tizimga o‘tish bilan naqd pulda to‘lanadigan yo‘lkiralarning narxi 1400 so‘mdan 2000 so‘mgacha (deyarli 50 foizga) oshadi. Bank va transport kartalari, shuningdek, ATTO ilovasi (shu jumladan virtual transport kartalari) orqali to‘lovlarni amalga oshirishda bir martalik to‘lov 1600 so‘mni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, yo‘lkira to‘layotgan yo‘lovchilar yo‘l haqini transport kartasi yoki ATTO ilovasi (bank kartasi bilan emas) orqali to‘lasa, 70 foizgacha tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

jamoat transporti, yo‘lkira

Agar hozir bir avtobusdan boshqa bir avtobusga o‘tayotgan yo‘lovchi ikki marta 1400 so‘m to‘layotgan bo‘lsa, “peresadka”ni o‘z ichiga olgan tariflar bilan ikkita avtobusda bir soatlik yo‘lkira to‘lovi bor-yo‘g‘i 2000 so‘m bo‘ladi: birinchi yo‘lga 1600 so‘m, ikkinchisiga 400 so‘m. 3-avtobusga ham bir soat ichida o‘tilsa, u bepul bo‘ladi.

Yo‘l haqini transport kartalari va ATTO ilovasi bilan to‘layotgan yo‘lovchilar uchun avtobusdan metroga o‘tish narxi 1000 so‘mni tashkil qiladi. Ko‘pgina mamlakatlarda metroda yo‘lkira narxi, shu jumladan, “peresadka” yerusti transportiga qaraganda qimmatroq.

Moslashuvchan tariflar faqat transport kartalari va ATTO ilovasi foydalanuvchilari uchun shakllantiriladi. Ya’ni, yo‘l haqini bank kartalari bilan to‘layotgan yo‘lovchilar har doim yo‘l haqini maksimal — 1600 so‘mdan to‘laydilar. Buning sababi, ATTO hozirda faqat transport kartalari uchun to‘lov qilish imkoniyatiga ega. Shuningdek, kartalar transportda to‘lov vaqtini ham ko‘rsatadi. ATTO bank kartalari hisob-kitobini aniqlay olmaydi. Bunday holatda, bank kartalari bilan to‘lov qilgan yo‘lovchilar uchun yo‘lkira narxi naqd pulda to‘lov qilganlardan ko‘ra arzonga, ATTO kartalari bilan to‘lov qilganlardan ko‘ra esa qimmatga tushadi.

Ehtimol, kelajakda tizim jamoat transporti rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bank to‘lov tizimi bilan integratsiya qilinadi. Masalan, Londonda bank kartasi bilan avtobus yo‘lkirasi to‘langanda, uchta qatnovdan so‘ng, tizim oddiy kartadan to‘lov undirmaydi, chunki uchta qatnov uchun to‘lov miqdori kunlik avtobus chiptasi narxiga teng.

Yo‘lovchilar moslashuvchan tariflardan foydalanish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishlari shart emas. Oddiy yoki virtual transport kartasiga ega bo‘lish kifoya. Uning hamyoni tarif menyusiga aylantiriladi hamda “peresadka” vaqtida tariflar bevosita ishlaydi.

“Siz hech narsa sozlashingiz yoki sotib olishingiz shart emas. Mentalitetimizni inobatga olib, xorij tajribasini o‘rganib, yo‘lovchilar uchun kioskka borib, yo‘lkira narxini o‘zgartirish qiyin bo‘lishini tushungan holda, transport kartalari foydalanuvchilari uchun „peresadka“ tariflarini avtomatik rejimda ishga tushirdik”, — dedi Murod Abidov “Gazeta.uz”ga.

Pensionerlar, o‘quvchilar, talabalar uchunchi?

Ushbu toifadagi yo‘lovchilar imtiyozni faqat 1, 5, 10, 15, 20, 30, 90 va 365 kunlik cheksiz tariflarni xarid qilganlarida saqlab qolishlari mumkin bo‘ladi. Yangi tizim joriy etilishi bilan kunlik, choraklik va yillik paketlar mavjud bo‘ladi.

Kundalik tariflar doirasida yo‘lkirani to‘lashda “peresadka” tariflari qo‘llanilmaydi. Imtiyozsiz yo‘lovchilar kunlik tariflarni sotib olish imkoniyatini saqlab qoladilar.