Toshkentdagi Ekopark hududida 27-may kuni Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan “Piknik madaniyati” aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tabiat resurslari vazirligi hamda poytaxt hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlar — Ozodbek Nazarbekov va Aziz Abduhakimov, Toshkent hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov, ekofaollar, aholi va OAV vakillari qatnashdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Aksiya ochilishida jurnalistlarga intervyu bergan Shavkat Umurzoqov kelgusida Toshkentda amalga oshiriladigan rejalarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

“Muhtaram prezidentimiz kuni kecha Chilonzorga borganlarida ham aytdilarki, Toshkent shahrida 132 kilometr suv bo‘ylari bor. Shundan 40 kilometrida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Qolgan va qo‘shimcha 100 kilometrni ham obod qilish va daraxt ekish, xalq uchun manzarali va hordig‘ini bemalol chiqarishi uchun sharoit yaratish [topshirig‘ini berdi]. Shu bilan birga nafaqat suv bo‘ylari, balki har bir mahallaning o‘z bog‘i, bolalar va sport maydonchalari bo‘lishini ham ta’kidladi. Buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapti”, — dedi Toshkent hokimi v.b.

Uning qayd etishicha, yaqin kunlarda har bir mahallada yashil hududlar barpo etiladi, suv bo‘ylarida qarovsiz qolib ketgan joylarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

“Bugungi kunda hurmatli prezidentimizning ham shahar hokimligiga bergan topshiriqlari va siyosatlari shuki, shaharda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini qattiq olib borish, xalq uchun hordiq chiqaradigan shahar nomini olib berish [vazifasini qo‘ygan]. Hozirda kuniga 6 million odam shahar yo‘llaridan foydalanayotgan bo‘lsa, shundan 4 millioni jamoat transporti yoki velosipedda, piyoda yuradi. Asosiy e’tiborni ularga qaratgan holda yo‘llar chetida ham obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish topshirig‘i berildi. Toshkent shahriga „xalq shahri“, „xalqqa xizmat qiladigan shahar“, „xalq hordiq chiqaradigan shahar“ nomlarini olib berish siyosatini olib boramiz”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Shu yilning fevral oyida prezident Toshkentdagi 584 ta mahallaning har biriga O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratishni tasdiqlagan edi. Mablag‘lar infratuzilmani rivojlantirish va qattiq sovuqdan zarar ko‘rgan muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini ta’mirlashga yo‘naltirilishi ma’lum qilingan.