Yangi Toshkent shahrini barpo etish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19729,4 gektar yer maydoni ajratilmoqda, deya ma’lum qildi Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi.

Mazkur ajratilayotgan maydonning 12905,7 gektari qishloq xo‘jaligi yerlari va 6823,7 gektari boshqa yer toifasidagi yerlardir. Mazkur yerlardan foydanuvchilar esa 772 tani tashkil etmoqda. Jumladan:

  • fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yerlari — 13185 gektar (242 ta);
  • yordamchi xo‘jaliklar va issiqxona yerlari — 203,8 gektar (49ta);
  • dehqon xo‘jaliklari — 323,5 gektar (100 ta);
  • o‘zga yerdan foydalanuvchilar — 2263,2 gektar (379 ta);
  • aholi tomorqalari — 3012,6 gektar;
  • mahalliy hokimiyat zahirasidagi yerlar — 60,5 gektar (2 ta);
  • kanallar va yo‘llarga ajratilgan yerlar — 680,5 gektar.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 31-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishi, poytaxt esa “yashil hudud” ga aylantirilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Joriy yil mart oyida esa poytaxtdagi davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chirilishi, shuningdek, loyiha doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 mln aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratilishi bildirildi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.

Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.