Qozog‘iston Majilisi (parlament quyi palatasi) deputatlari mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni omma oldida haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qiluvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Qozog‘iston adliya vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib Zakon.kz xabar bermoqda.

Gap Jinoyat kodeksining birinchi prezidentning sha’ni va qadr-qimmatini ommaviy ravishda haqorat qilganlik va kamsitganlik, shuningdek, uning daxlsizligi kafolatlarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi ikki moddasi haqida ketmoqda.

“Bu moddalar Jinoyat kodeksida endi kerak emas, ularga ehtiyoj ham yo‘q, chunki Elbasi maqomining o‘zi endi mavjud emas. Shuning uchun jinoiy javobgarlik endi kerak emas va qo‘llanilmaydi”, — deya tushuntirdi parlamentning Qonunchilik va sud-huquq islohotlari qo‘mitasi raisi Snejanna Imasheva.

2022-yil yozida Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan edi. Natijada birinchi prezidentning maqomi va vakolatlari haqidagi modda hamda Nazarboyevning millat yetakchisi maqomi o‘zgarmasligi haqidagi moddalar asosiy qonundan chiqarib tashlandi.

Joriy yilning fevral oyida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — Elboshi to‘g‘risida”gi qonunni bekor qiluvchi hujjatni imzolagan edi. Shundan so‘ng Nazarboyev Qozog‘iston xalqiga murojaat qilish va parlament oldida chiqish qilish huquqidan mahrum bo‘ldi.

Nursulton Nazarboyev 2022-yil yanvarida Qozog‘istondagi ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng o‘z imtiyozlarini bosqichma-bosqich yo‘qota boshladi. Namoyishchilarning talablaridan biri Nazarboyevning hokimiyatdan chetlatilishi edi.