Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Liberal-demokratik partiyaning (O‘zLiDeP) 30-may kuni bo‘lib o‘tgan XI sezdida amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib tasdiqlandi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan Manba Telegram kanalining xabar berishicha, amaldagi prezident saylovoldi dasturining beshta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha nutq so‘zlagan.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash

prezidentlikka nomzod, o‘zлидеп, шавкат мирзиёев saylovoldi dasturi

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyodagi “Top-500”ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy etiladi.

Bundan tashqari, bio-texnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda yiliga 500 nafar iste’dodli yoshlar eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuboriladi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy tillarni o‘zlashtirish sohasida shart-sharoit yaratish maqsadida yaqin 7 yilda respublikaning barcha maktablariga chet eldan xorijiy til ona tili bo‘lgan o‘qituvchilar jalb etilishini aytdi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, kelgusi yetti yilda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun 1 mlrd dollar ajratiladi.

2023-yilda 390 ming o‘quvchi maktabni tamomladi, 700 ming bola 1-sinfga boradi. Kelgusi yillarda bu raqam 1 mln ga oshadi.

“Bu, albatta, bizdan katta miqdordagi kuch va resurslarni jamlashimizni talab qiladi. Shu bois maktabgacha va maktab ta’limini yuqoriroq darajalarga ko‘tarish uchun yangi dasturlarni yo‘lga qo‘yamiz. Birinchidan, 2030-yilga borib maktabgacha ta’limga bo‘lgan talab to‘liq qoplanadi va qamrov 100 foizga yetadi. Bunda bolalar bog‘chalarini qurishda ishlab chiqaruvchi korxonalarning xarajatlari soliqlardan to‘liq ozod qilinadi. Shuningdek, ushbu maqsadlarga 10 yil muddatga 7 foiz stavkali kreditlar taqdim etiladi. Natijada 2030-yilga borib qo‘shimcha 2000 ta bolalar bog‘chalari quriladi”, — dedi u.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlarining bolalar bog‘chasidagi xarajatlari davlat tomonidan qoplanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu imtiyoz bola hatto xususiy bolalar bog‘chasiga borsa ham amal qiladi.

“Bog‘cha va maktablarimiz filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan, sut va yod bilan to‘yingan non mahsulotlari beriladi. Farzandlarimizni yoshligidan zamonaviy texnologiyalarga ko‘niktirish maqsadida har bir bog‘chaga kompyuter sinfi o‘rnatiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rni yaratish va ta’lim sifatini tubdan oshirish zarur. Buning uchun “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi amalga oshiriladi.

Nomzodning so‘zlariga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonning ustuni — bilim, ta’lim va tarbiya bo‘lishini ta’kidladi. U yoshlarga murojaat qilar ekan, ularning qobiliyat va iste’dodlari yuzaga chiqishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilishini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev bundan olti-yetti yil oldin o‘n minglab bemorlar gemodializ, onko-gematologiya yordamidan foydalanish uchun kunlab, oylab navbat kutganlari, qanchasi bu xizmatlarga yetib bora olmaganini yodga oldi. “Yoki eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga o‘z vaqtida maxsus tibbiy yordam ko‘rsatilmagani ham hech kimga sir emas”, — dedi u.

“Biz tibbiyot sohasida katta islohotlarni boshladik, — deya ma’lum qildi u. — Buning natijasida vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi bunday bemorlar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablag‘imiz ham yetarli”.

Nomzod O‘zbekistonda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solishga va’da berdi.

Buning uchun 2030-yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa, 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa bo‘lishi ta’kidlandi.

Bunda 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar д́иабет, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlar davolash bilan to‘liq qamrab olinadi.

“Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yamiz, “tuberkulyoz” bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirishga erishamiz (2016-yilda 43 nafar bo‘lgan). Shu bilan birga, kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi", — deya ma’lum qildi u.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bu orqali, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlari birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal bo‘ladi.

Onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida, mamlakatimizda ilk bor o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

“Tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatishni kelgusi yillarda ham davom ettiramiz. Yana bir muhim yangilik — sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilinadi”, — deya ishonch bilan gapirdi Shavkat Mirziyoyev.

prezidentlikka nomzod, o‘zлидеп, шавкат мирзиёев saylovoldi dasturiShavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilga qadar tibbiyotga budjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmi 2 karra oshirilib, 6 mlrd dollarga yetkaziladi.

Ijtimoiy ta’minot

Ijtimoiy ta’minotga yo‘naltirilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobarga — 2016-yildagi 0,9 foizdan 2022-yilda 2,2 foizgacha oshirildi.

“Lekin, ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerak. Misol uchun, bizda og‘ir vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi 9 mln aholi bor. Bular — nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar. Shu bois, ijtimoiy xizmatlar sohasini butkul qayta ko‘rib chiqamiz”, — dedi u.

Nomzodning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida hozirda 6 ta vazirlikka tarqoq bo‘lgan barcha ijtimoiy xizmatlar birlashtiriladi. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etiladi. Shu bilan birga, agentlik xodimlarining kamida 10 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan ishga qabul qilinadi.

Nomzod har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatishini ma’lum qildi.

“Og‘ir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida „ijtimoiy xizmat ishi“ ochiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Og‘irroq vaziyatdagi oilalarga psixologik yordam ham beriladi. Bunday oilalarning hayot sifati amalda yaxshi tomonga o‘zgargandan keyingina, „ijtimoiy xizmat ishi“ yopiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot
prezidentlikka nomzod, o‘zлидеп, шавкат мирзиёев saylovoldi dasturiO‘zLiDePdan nomzodning ikkinchi maqsadi — barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilga borib:

iqtisodiyot 2 barobarga oshirilib, 160 mlrd dollarga yetkaziladi;

aholi jon boshiga YAIM hajmi hozirgi 2,2 ming dollardan 4 ming dollarga oshiriladi. Buning natijasida, O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi. Eng avvalo, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoat rivojlantiriladi. Bunda, mehnat unumdorligi 2 barobar oshadi (hozir bir ishchiga 12,5 ming dollar mahsulot to‘g‘ri keladi).

Shavkat Mirziyoyev to‘rtta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘lishi hamda ishlab chiqarish hajmi yillik 1 mln donaga yetkazilishini (hozir 350 ming) ma’lum qildi. Bunda, yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi.

Umuman, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 mlrd dollardan 45 mlrd dollarga yetkaziladi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 mlrd dollar ajratiladi.

️Shuningdek, kelgusi yillarda:

  • 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi;
  • tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi;
  • har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi;
  • “Ay-ti” xizmatlari eksporti 5 mlrd dollarga olib chiqiladi.

Ikkinchi maqsad doirasida, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan birga, umumiy qiymati 115 milliard dollar bo‘lgan yirik loyihalar boshlandi. Jumladan, keyingi yillarda strategik mega-loyihalar ishga tushiriladi. Xususan:

  • Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi;
  • Ohangaron misni qayta ishlash klasteri;
  • Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari;
  • Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xom ashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi;
  • Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi.

Natijada, 2030-yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish — 3,5 barobar (500 ming tonnaga), oltin — 1,5 karra (155 tonna), kumush — 3 marta (500 tonna), uran — 3 barobar (10 ming tonna) oshiriladi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi.

Yo‘l-transport sohasidagi rejalar:

  • aviaqatnovlar soni 4 marta oshiriladi;
  • Toshkent — Samarqand, Navoiy — Buxoro yo‘nalishlarida qo‘shimcha tezyurar temir yo‘llari quriladi;
  • temir yo‘l sohasiga xususiy sektor jalb qilinib, xizmatlar sifati raqobatbardosh narxlar asosida belgilanadi;
  • 6 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinadi, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkaziladi;

2030-yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha — jami 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar quriladi va jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinadi.

Toshkent — Samarqand va Toshkent — Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida yangi avtomobil yo‘llari quriladi.

Nomzod 2024-yildan boshlab, yangi uy-joy sotib olgan aholiga, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib berilishini va’da qildi.

Bank sektori

prezidentlikka nomzod, o‘zлидеп, шавкат мирзиёев saylovoldi dasturi

Nomzod 2030-yilgacha bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmi hozirgi 18 mlrd dollardan 40 mlrd dollarga yetkazilishini ma’lum qildi.

Tadbirkorlar uchun kreditlar o‘rtacha 20 foizdan 10−12 foizgacha tushiriladi.

Shu maqsadlarga erishish uchun bank omonatlari hajmi 4 barobarga oshirish (70 trln so‘mdan 260 trln so‘mgacha), banklarni xususiylashtirishni tezlashtirish, davlat ixtiyorida faqat 3 ta bankni qoldirish (Milliybank, Xalq banki va Agrobank), bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi uchun imkoniyat yaratishga va’da berdi.

Shuningdek, nobank moliyaviy xizmatlarini kengaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratiladi. Qimmatli qog‘ozlar bozori hajmi 10 mlrd dollarga yetkaziladi.

Xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini tashkil etish uchun barcha qonuniy asoslar yaratiladi. Xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish izchil davom ettiriladi.

Suv resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish

Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturidagi uchinchi maqsad — suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish ekanini ta’kidladi.

2030-yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish uchun dalalarga suv yetkazadigan obyektlar fermer va klasterlar boshqaruviga beriladi.

Suv yetkazish tizimiga Turkiya, Ispaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi keng joriy qilinadi. Shuningdek, suv tejaydigan texnologiyani joriy qilgan fermer va dehqonlar yanada rag‘batlantiriladi.

Qonun ustuvorligi

Nomzodning to‘rtinchi maqsadi — qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etishdan iborat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish prinsipi hayotga jadal olib kiriladi. Shu maqsadda davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.

“Endi, davlat xizmatlari uchun odamlar ovora bo‘lib, ariza yoki blanka to‘ldirmaydi, pasport yoki boshqa hujjat taqdim qilmaydi. Davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron tizimdan o‘zi oladi. Har bir mahallada elektron xizmat nuqtalari ishga tushirilib, ular barcha masalalarni “bir qadam”da hal etadigan maskanga aylantiriladi”, — dedi u.

Partiyalar rolini oshirish, ular o‘z kuchi va imkoniyatlarini amalda namoyon etishi uchun aralash, ya’ni majoritar — proporsional saylov tizimi joriy etiladi. Buning ma’nosi shuki, endi fuqarolar Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rnining 75 tasi bo‘yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi. Bunday tizimda bironta saylovchining ovozi e’tibordan chetda qolmaydi. “Gazeta.uz” ushbu tizimning ustunlik va kamchilik jihatlari haqida batafsil yozgan edi.

Mahalliy kengash xalqning chinakam ovoziga aylanishi uchun hokimning Kengashga rahbarlik vakolati bekor qilinmoqda. Endi hokimlar Kengash oldida, xalq oldida hisobdor bo‘lgan tizim joriy etiladi.

Kelgusi yilda “Ochiq budjet” dasturiga ajratiladigan mablag‘lar uch baravar ko‘paytirilib, 24 trillion so‘mga yetkaziladi.

Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.

Bugungi kunga qadar 7 turdagi tergov harakatlariga sanksiya berish vakolati sudlarga o‘tkazilgan bo‘lsa, endi ularning doirasi yanada kengayadi. Bundan buyon tergovda huquqni cheklashga sanksiya berishni alohida sudyalar amalga oshiradi. Ana shunda, tergovda — qonuniylik, sudda — xolislik bo‘ladi. Og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha hozir taraflar o‘rtasida yarashuv bo‘lsa ham, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, odamlar tergov va sudda sarson bo‘lib yuradi. Shu bois, jabrlanuvchining iltimosiga asosan, jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyati yaratiladi.

“Yangi O‘zbekiston — xavfsiz va tinch davlat”

Beshinchi maqsad — “Yangi O‘zbekiston, xavfsiz va tinch davlat”. Bu yo‘nalishda Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bu borada tizimli chora-tadbirlar ko‘rish kabi sohalardagi hamkorlikni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, ularning mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish taklif etilmoqda.

Dasturda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati, mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini oshirish maqsadida 2030-yilgacha milliy armiyani eng zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash kabi tashabbuslar ham ilgari surilgan.

Sezd qaroriga ko‘ra, O‘zLiDeP qonunga muvofiq, partiyadan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevni ro‘yxatga olish to‘g‘risida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qiladi.