29-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyida partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovni prezidentlikka nomzod etib tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qurultoyda, shuningdek, nomzodning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘yicha dasturi tasdiqlandi.

Partiya 12-may kuni Ulug‘bek Inoyatovni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Shundan so‘ng partiya saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlarini taqdim etib, ruxsat olgan.

Nomzod dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish, deyiladi xabarda.

Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yo‘nalishlarida 100 ga yaqin taklif va tashabbus ilgari surilgan.

Xususan, pensiya tizimini takomillashtirish, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilgan. Tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillar va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish, pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ham ilgari surilgan.

saylov-2023, улуғбек иноятов, хдп

Bundan tashqari, dastur “barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi sifatida” ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolishni nazarda tutadi. Nomzod mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, Internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shug‘ullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortish va boshqalarni ko‘zlamoqda.

Nomzod dasturida qonun ustuvorligini, tenglik va inson huquqlarini ta’minlash garovi sifatida sud-huquq islohotlariga ham e’tibor qaratilgan. Jumladan, viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini har yili rotatsiya qilish, odil sudlovni amalga oshirishda hakamlar hay’ati institutini joriy qilish, sohaviy nazorat organlari (inspeksiyalar) faoliyatini kuchaytirish, fuqarolarning mehnat huquqlari amalga oshirilishida jamoatchilik nazorati va mehnat inspeksiyasining rolini oshirish taklif etilmoqda.

Dasturda “ochiqlik va milliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan konstruktiv tashqi siyosat” masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Bu yo‘nalishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surilmoqda.