Turkiyaning amaldagi prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Bu haqda yakshanba oqshomida Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Ahmet Yener ma’lum qildi, deb yozmoqda “Anadolu”.

Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida byulletenlarning 99 foizdan ortig‘ini dastlabki sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Erdog‘an 52,15 foiz ovoz to‘pladi va yangi besh yillik muddatga qayta saylandi.

Yagona muxolifat nomzodi Kemal Qilichdaro‘g‘li 47,86% ovoz oldi.

Erdog‘an g‘alabasini Istanbulning Uskudar tumanida to‘plangan aholi bilan uchrashuvda ham ma’lum qildi.

“Bugun butun Turkiya g‘alaba qozondi! 28-may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish mamlakatimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochdi. „Turkiyaning 100 yilligi“ konsepsiyasini amalga oshirish boshlandi”, — dedi u.

Turkiya rahbari saylovning ikkinchi bosqichi natijalari “Turkiya yutuqlariga hech kim tajovuz qila olmasligi”ni tasdiqlaganini ta’kidladi hamda Turkiya xalqiga “demokratiya bayrami” uchun minnatdorlik bildirdi.

Erdog‘an xorijlik hamkasblaridan kelgan ilk tabriklarga e’tibor qaratdi. “Hozirda Ozarbayjon prezidenti, mening birodarim Ilhom Aliyev qo‘ng‘iroq qildi. O‘zbekistonlik birodarim Shavkat Mirziyoyev bilan ham telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Liviya bosh vaziri ham qo‘ng‘iroq qildi. Qatardan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Hamma Turkiyaga tashrif buyurishga va shaxsan meni tabriklashga tayyor”, — dedi Turkiya rahbari.

Muxolifat nomzodi Kemal Qilichdaro‘g‘li saylovlarni “so‘nggi yillardagi eng adolatsiz saylovlardan biri” deb atadi. U tarafdorlari oldida qilgan chiqishida ovozlarni hisoblashni adolatsiz deb atadi va “avtoritar hukumat”ni almashtirish uchun kurashni davom ettirishini aytdi.

кемал қиличдарўғли, режеп таййип эрдоған, тuркия, тuркиядаги saylov

“Men har doim siz uchun kurashganman va kurashishda davom etaman. Biz demokratiya uchun kurashni davom ettiramiz va sizdan bu kurashda ishtirok etishingizni so‘rayman. Bir kishi bizni qanday qilib demokratik qadriyatlardan mahrum qilayotganini ko‘rib turibmiz”, — dedi u.

Qilichdaro‘g‘li, shuningdek, ovoz berish xalqning avtoritar hukumatni o‘zgartirish istagini ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi.