O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarada uchta nazorat-o‘tkazish punktini (NO‘P) ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Kaktus.Media nashri xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘iz segmentida o‘zbek tomoni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi devorni buzayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, video Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati va O‘zbekistonning Andijon viloyati chegarasida tasvirga olingan.

Qirg‘iziston chegara xizmati O‘zbekiston tomoni 2010-yilda bir tomonlama ravishda faoliyatini to‘xtatgan “Bek-Obod-Xonobod” NO‘Pdagi devorni buzayotgani haqida xabar berdi. O‘shanda O‘sh viloyatidagi “Qorasuv” va “Kara-Bagish” postlari ham yopilgan edi.

Mazkur punktlarning barchasi tez orada ochiladi. Qirg‘iziston tomoni fuqarolarning ushbu punktlar orqali o‘tishini tiklashga to‘liq tayyor, deyiladi xabarda.

2010-yilning mart oyida O‘zbekiston O‘sh viloyatining Aravon tumani va Andijon viloyatining Marhamat tumanini bog‘lovchi yirik “Qorasuv-Avtodorojniy” o‘tkazish punktini bir tomonlama yopib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi. Chegara yaqinida yashovchi Qirg‘iziston aholisi NO‘Pdan nafaqat avtomobillar, balki piyodalar ham o‘tkazilmasligini aytishgandi. O‘zbekistondan Qirg‘izistonga avtomashinada o‘tmoqchi bo‘lganlar “Qorasuv” NO‘Pdan 25 km uzoqlikda joylashgan “Do‘stlik-avtodorojniy” NO‘Pdan foydalanishlari kerak edi.

O‘tgan yilning aprel oyida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev 2022-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarida qo‘shimcha 3−4 o‘tkazish punkti ochilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Ravshan Sobirov Qirg‘iziston va O‘zbekiston Jalolobod viloyatidagi chegara zonasida (Xonobod bilan chegarada) qo‘shimcha NO‘P ochish masalasi muhokama qilinayotganini ta’kidladi. Maqsad — transport yuk oqimlari yuklamasini kamaytirishdan iborat.