Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 5 ta arxeologiya yodgorligiga jami 291,4 mlrd so‘mlik jiddiy shikast yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, noqonuniy qazish va buzish ishlari olib borilgani sababli o‘rta asrlarga oid Tepa-9 arxeologiya merosi obyektiga 269,6 mlrd so‘mlik, Qal’ai Mullabektepa yodgorligiga 19,7 mlrd so‘mlik, Amirtepa yodgorligiga 1,1 mlrd so‘mlik, Xo‘ja Haqqitepa yodgorligiga 832 mln so‘mlik va Tepa-5 yodgorligiga 202 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida ikki kishi Kunjutlitepa arxeologiya yodgorligida tepalik tuprog‘ini surib tashlashi oqibatida obyekt qayta tiklanmaydigan darajaga kelib qolgani haqida xabar bergandik. Bu harakatlari uchun fuqarolar 47,5 mlrd so‘m jarimaga tortilgan, shuningdek, ulardan birining 3,5 yilga ozodligi cheklangan.