O‘zbekiston prezidenti 24-may kuni “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan yil yakuniga qadar portalda ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etilgan 95 ta xizmat ro‘yxati, shuningdek, 1-dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlarining talabi bekor qilinadigan 47 turdagi ma’lumotlar ro‘yxati belgilandi.

Xalq nazorati platformasi 1-sentabrgacha Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshonda, yil oxiriga qadar esa Jizzax va Urganchda ishga tushiriladi.

“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy ta’lim platformalarida IT yo‘nalishi bo‘yicha onlayn o‘quv kurslarida o‘qish imkoniyati tashkil etilmoqda.

1-oktabrdan boshlab chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolarning tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazalari, bulutli platformalarni boshqarish va axborot xavfsizligi kabi sohalarda xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarini 100 foiz qoplash tizimi joriy etilmoqda.

Nodavlat ta’lim markazlariga IT-park rezidentlari bo‘lgan va IT-xizmatlarini eksport qiluvchi korxonalarga ishga joylashgan har bir bitiruvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 75 barobarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlarga esa BHMning 105 barobarigacha bir martalik subsidiya beriladi.