O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24-may kuni imzolangan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadigan jamoat joylari ro‘yxati sezilarli darajada kengaytirilgan va ular batafsil keltirib o‘tildi.

E’tiborlisi, 2011-yildagi qonunning amaldagi tahririda jamoat joylari aniq ko‘rsatilmagan, bu ko‘pincha u yoki bu joy jamoat ekanligi haqida savollarni tug‘dirayotgan edi. Qonunning yangi tahriri uch oydan keyin kuchga kiradi. Avvalroq asosiy o‘zgarishlar haqida yozgan edik.

Alkogol mahsulotlari

Qonun ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, maydonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va “boshqa jamoat joylarida” alkogolli mahsulotlarni iste’mol qilishni taqiqlaydi.

Taqiq savdo va xizmatlar ko‘rsatish obyektlariga, shu jumladan alkogolli mahsulotlarni quyib sotishga ruxsat berilgan umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek, to‘y, yubiley va boshqa tantana hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylarga tatbiq etilmaydi.

Tamaki mahsulotlari

Jamoat joylarida, shu jumladan quyidagi joylarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalaridan foydalanish taqiqlanadi:

  • ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklari va liftlarida, shuningdek bolalar va sport maydonchalarida, shu jumladan uylarga tutashgan hududda joylashgan maydonchalarda;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalarida;
  • kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
  • klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
  • muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;
  • mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, daryo kemalarida, avtobuslarda, metropoliten vagonlarida, taksida, shahar elektr transportida, havo kemalarida, shuningdek jamoat transportining boshqa turlarida;
  • yer osti o‘tish joylarida, metropoliten stansiyalarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalari vaqtinchalik saqlanadigan yopiq joylarda;
  • temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, aeroportlar, daryo bandargohlari, metropoliten stansiyalariga kirish joyidan kamida 5 metr masofada bo‘lgan ochiq havodagi joylarda (qiziq, Senat tomonidan ma’qullangan tahririda 15 metr ko‘rsatilgan edi);
  • yong‘in xavfi mavjud bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida;
  • aeroportlarning, temir yo‘l va avtomobil vokzallarining, daryo bandargohlarining binolarida;
  • korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va davlat organlarining binolarida, shu jumladan ish joyida, yo‘laklarda, liftlarda, zinapoyalarda, vestibyullarda, hojatxonalarda, dam olish xonalarida, ularga tutash xonalarda va xodim tomonidan mehnat faoliyati vaqtida foydalaniladigan shunga o‘xshash boshqa joylarda;
  • sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarida, dorixonalarda, ta’lim tashkilotlarida, madaniyat muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida, sanatoriy muassasalarida va tibbiy-ijtimoiy muassasalarda;
  • uy-joy xizmatlari, mehmonxona xizmatlari, vaqtinchalik joylashtirish va (yoki) vaqtinchalik yashab turishni ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan xonalarda;
  • xiyobonlarda, bog‘larda, plyajlarda.

Senat tomonidan ma’qullangan tahrirda, shuningdek, voyaga yetmaganlar yoki homilador ayollar bo‘lgan transport vositalarida (jumladan, fuqarolarning shaxsiy transport vositalarida) tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotin ishlatishga mo‘ljallangan asboblardan foydalanishni taqiqlash taklif qilingan edi. Biroq bu qoida qonundan chiqarib tashlangan.

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylarga doir talablar

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar:

  • binolar va inshootlardan tashqaridagi ochiq havoda;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga mos keladigan va ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan, ushbu Qonun 24-moddasining ikkinchi qismida sanab o‘tilgan jamoat joylariga taalluqli bo‘lmagan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda;
  • aeroportlarda reysga ro‘yxatdan o‘tgan yo‘lovchilar turishi uchun mo‘ljallangan hududlarda hamda tranzit bo‘yicha o‘tayotgan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan hududlarda tashkil etilgan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayonini boshqa xonalardan kuzatish imkoniyati istisno etiladigan maxsus ajratilgan alohida xonalarda;
  • poyezdlarning ishlash uchun mo‘ljallanmagan tamburlarida;
  • daryo kemalari palubalarining orqa tarafida tashkil etilishi mumkin.

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylarga tamaki mahsulotlarining qoldiqlari uchun yonmaydigan axlatdonlar, shuningdek bunday joylar qayerdaligi haqida axborot beruvchi ko‘rsatkichlar o‘rnatiladi.